Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 20305 marta o'qildi

Kredit qaysi maqsadlar uchun beriladi?

Tomorqa er egalariga oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida tomorqadan daromad olishga qaratilgan loyihalar uchun imtiyozli kreditlar ajratiladi.

Kredit mablag‘laridan, jumladan:

  • parrandachilik, quyonchilik, chorvachilik va asalarichilik;
  • baliqchilik;
  • ixcham issiqxona tashkil etish;
  • kichik intensiv bog‘dorchilik;
  • limonchilik va uzumchilik;
  • poliz, dukkakli, moyli ekinlar, kartoshka va sabzavot etishtirish;
  • artezian quduqlarini burg‘ilash uchun foydalanish mumkin. Bir kredit doirasida tomorqani rivojlantirishning bir nechta yo‘nalishidan foydalanishga ham ruxsat etilgan.

Qancha miqdorda kredit olish mumkin?

Er maydoni 10 sotixdan ortiq bo‘lgan tomorqa er egalariga 50 mln so‘mgacha garovsiz kredit ajratilishi mumkin.

10 sotixli ixcham issiqxona barpo etish yoki baliqchilik faoliyatini tashkil qilish uchun esa 100 mln so‘mgacha garovsiz kredit ajratilishi nazarda tutilgan.

Kredit muddati va foiz stavkasi qanday?

Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida imtiyozli kreditlar yillik 14 foiz stavkada ajratiladi.

Faoliyat turiga qarab kredit muddati farq qiladi. Xususan:

  • chorvachilik, baliqchilik va tuxum yo‘nalishidagi parrandachilik uchun — 3 yildan 4 yilgacha, 1 yilgacha imtiyozli davr bilan;
  • bog‘dorchilik, uzumchilik, limonchilik, issiqxona qurish, qishloq xo‘jaligi texnikasi va uskunalarini xarid qilish, shuningdek artezian quduqlarini burg‘ilash uchun — 7 yilgacha, 3 yilgacha imtiyozli davr bilan.

Aniq kredit shartlari loyiha yo‘nalishiga qarab belgilanadi.

Kredit olish uchun qaerga murojaat qilinadi?

Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasidagi kreditlar Yagona elektron platforma orqali raqamlashtirilgan tartibda ajratiladi.

Kredit ajratishda hokim yordamchisining tavsiyasi va belgilangan tartibda loyihaning amalga oshirilishi hisobga olinadi. Mahsulot yoki xizmat etkazib berilgani tegishli tartibda tasdiqlanadi.

Suv ta’minoti og‘ir hududlar uchun subsidiya bormi?

Suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan tomorqa va ijara er maydonlarini sug‘orish uchun tik quduq burg‘ilash hamda quvvati kamida 10 kVt bo‘lgan quyosh panelini o‘rnatish xarajatlarining 70 foizi, biroq 200 mln so‘mdan oshmagan qismi subsidiya sifatida qoplab beriladi.

Joriy yilda burg‘ilangan vertikal sug‘orish qudug‘ini ishga tushirish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun tegishli hujjatlar keyingi yilning ikkinchi choragiga qadar qabul qilinadi.

Eslatma: kredit miqdori va muddati tomorqaning maydoni hamda loyiha yo‘nalishiga bog‘liq. 50 mln yoki 100 mln so‘mgacha garovsiz kredit har qanday maqsad uchun erkin ishlatishga beriladigan mablag‘ emas — kredit belgilangan tadbirkorlik loyihasi uchun ajratiladi.

Chat