Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 24086 marta o'qildi

Qaysi holatda advokat ustidan shikoyat qilish mumkin?

Jismoniy yoki yuridik shaxs advokatning noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan murojaat qilishi mumkin.

Advokatga nisbatan intizomiy ish yuritishga, jumladan:

  • advokatura to‘g‘risidagi qonunchilik talablarining buzilishi;
  • Advokatning kasb etikasi qoidalarining buzilishi;
  • advokatlik sirining buzilishi;
  • advokat qasamyodi talablariga rioya etilmasligi;
  • advokatning noqonuniy xatti-harakatlari haqida jismoniy yoki yuridik shaxsning murojaati;
  • sudning advokatga nisbatan xususiy ajrimi asos bo‘lishi mumkin.

Shikoyat qaerga beriladi?

Advokatning noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan murojaat:

  • Advokatlar palatasining tegishli hududiy boshqarmasiga;
  • yoki tegishli adliya organiga berilishi mumkin.

Ushbu organlarga kelib tushgan murojaat malaka komissiyasiga ko‘rib chiqish uchun kiritiladi. Agar murojaatdagi masalani hal etish malaka komissiyasi vakolatiga kirmasa, murojaat 5 kundan kechiktirmay tegishli organ yoki tashkilotga yuborilishi va bu haqda murojaat etuvchiga xabar qilinishi kerak.

Shikoyatni kim ko‘rib chiqadi?

Advokatlarning intizomiy javobgarligi bilan bog‘liq masalalarni Advokatlar palatasining hududiy boshqarmalari huzuridagi malaka komissiyalari ko‘rib chiqadi.

Murojaat hududiy boshqarmada ro‘yxatga olinadi. Mas’ul kotib hujjatlarni qabul qilgan kunning ertasidan kechiktirmay advokatga bu haqda xabar beradi va materiallarni komissiyaga tayyorlaydi.

Malaka komissiyasi murojaatni ko‘rib chiqib:

  • intizomiy ish yuritishni qo‘zg‘atish;
  • yoki uni qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qiladi.

Shikoyat bergan shaxs qanday huquqlarga ega?

Intizomiy ish yuritish qo‘zg‘atilishiga asos bo‘lgan murojaat muallifi:

  • ish materiallari bilan tanishish va o‘z hisobidan nusxa olish;
  • yozma tushuntirishlar va qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etish;
  • zarur ma’lumotga ega shaxslarni komissiya majlisiga taklif qilish haqida iltimosnoma kiritish;
  • intizomiy ish yuritish jarayonida advokat xizmatidan foydalanish huquqiga ega.

Anonim murojaat yoki muallif haqidagi ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan murojaat intizomiy ish yuritishni qo‘zg‘atish uchun asos bo‘lmaydi.

Advokatga qanday choralar qo‘llanilishi mumkin?

Intizomiy ish natijasiga ko‘ra qonunda nazarda tutilgan hollarda:

  • ogohlantirish;
  • litsenziya amal qilishini 6 oygacha to‘xtatib turish;
  • litsenziyaning amal qilishini tugatish masalasi hal qilinishi mumkin.

Advokatga nisbatan intizomiy jazo, qoida tariqasida, nojo‘ya xatti-harakat sodir etilgan kundan 6 oy o‘tganidan keyin qo‘llanilishi mumkin emas. Moliya-xo‘jalik faoliyatini taftish yoki tekshirish natijalari bo‘yicha esa bu muddat 2 yil.

Malaka komissiyasi qarori ustidan shikoyat qilish mumkinmi?

Ha. Manfaatdor shaxs malaka komissiyasi majlisi bayonnomasidan ko‘chirmani olgan kundan boshlab 1 oy ichida Oliy malaka komissiyasiga shikoyat berishi mumkin, litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish va tugatish bilan bog‘liq ayrim qarorlar bundan mustasno.

Shikoyat Advokatlar palatasiga bevosita yoki tegishli hududiy boshqarma orqali yuboriladi. Malaka komissiyasining qarorlari ustidan sudga ham shikoyat qilish mumkin.

Eslatma: agar murojaatda jinoyat alomatlari haqida ma’lumot aniqlansa, malaka komissiyasi materiallarni tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organga yuboradi. Shuning uchun har qanday advokatlik shikoyatini avtomatik ravishda prokuraturaga berish shart emas.

Chat