Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 23762 marta o'qildi

Ovqatlanish uchun qachon to‘lov olinadi?

Sog‘liqni saqlash tizimidagi tegishli statsionar davolash muassasalarida bemorlarga nonushta bepul beriladi.

Kunning qolgan vaqtidagi ovqatlanish xarajatlari, qoida tariqasida, bemorning o‘zi yoki uning yaqinlari tomonidan qoplanadi. Biroq qonunchilikda belgilangan ayrim kasalliklarga chalingan bemorlar va imtiyozli toifadagi shaxslar ovqatlanish uchun to‘lovdan ozod etiladi.

Qaysi kasalliklarda ovqat bepul beriladi?

Quyidagi kasalliklar va holatlarda statsionarda ovqatlanish xarajati bemordan undirilmaydi:

  1. OIV infektsiyasi va OITS;
  2. onkologik kasalliklar;
  3. ruhiy kasalliklar;
  4. yuqumli kasalliklar;
  5. narkologik kasalliklar;
  6. endokrin kasalliklar;
  7. nurlanish kasalligi;
  8. moxov;
  9. zaxm;
  10. sil kasalligi;
  11. reanimatsiya va intensiv davolash talab etuvchi shoshilinch holatlar — tasdiqlangan statsionar davolash muddati doirasida;
  12. har qanday darajadagi kamqonlikka chalingan homilador va tuqqan ayollar.

Kimlar to‘lovdan ozod?

Kasallik turidan qat’i nazar, qonunchilikda belgilangan quyidagi shaxslar ham ovqatlanish uchun to‘lovdan ozod etiladi:

  • I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar;
  • bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularga qarab turuvchi ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar;
  • 1941–1945-yillardagi urush nogironlari, qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan shaxslar;
  • Chernobilь AES halokati oqibatlarini bartaraf etishda qatnashib nogiron bo‘lgan shaxslar;
  • mehnat fronti qatnashchilari;
  • baynalmilalchi jangchilar;
  • g‘irt etimlar;
  • vakolatli organlarda hisobda turgan yolg‘iz pensionerlar;
  • 18 yoshga to‘lmagan bolalar, shuningdek o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilari;
  • mudofaa ishlari organlarining tegishli yo‘llanmasi bo‘yicha tibbiy tekshiruvdan o‘tayotgan 18 yoshdan 27 yoshgacha bo‘lgan chaqiruv yoshidagi shaxslar;
  • «O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori» ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslar;
  • 1 yoshgacha bolasi bo‘lgan emizikli onalar;
  • Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazida davolanayotgan bolalarga qarab turuvchi ota-ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar.

Eslatma: ushbu imtiyozlar byudjetdan tashqari yoki o‘z mablag‘lari hisobidan faoliyat ko‘rsatadigan pulli tibbiyot muassasalari, pulli bo‘limlar va palatalarga tatbiq etilmaydi.

Chat