Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 30254 marta o'qildi

Tarmoqli marketing nima?

Tarmoqli marketing — tovarlarni tarmoqli tashkilot tashkil etgan mustaqil sotuvchi agentlar orqali chakana sotish usuli.

Sotuvchi agent yakka tartibdagi tadbirkor sifatida tovarlarni turg‘un savdo shoxobchasida sotadi, shuningdek uyda, tashkilotlarda, transportda yoki ko‘chada potentsial xaridorlardan buyurtmalar qabul qilishi mumkin.

Xaridorga tovarni majburan taklif qilish mumkinmi?

Yo‘q. Sotuvchi agent tovarni sotib olishga qiziqish bildirmagan iste’molchiga uni zo‘rlab taklif qilmasligi kerak.

Iste’molchi tovarni taklif qilishni to‘xtatishni so‘rasa, agent uning birinchi talabi bilan bu harakatni to‘xtatishi shart.

Buyurtma qanday rasmiylashtiriladi?

Buyurtma ikki nusxada rasmiylashtiriladi. Unda:

  • buyurtma raqami;
  • sotuvchi agentning F.I.O.;
  • agent va tarmoqli tashkilot o‘rtasidagi shartnoma raqami va sanasi;
  • tovar nomi, narxi, miqdori va umumiy qiymati;
  • qo‘shimcha xizmat qiymati;
  • to‘lov usuli;
  • buyurtma qabul qilingan va bajariladigan sana;
  • xaridorning ma’lumotlari va imzosi ko‘rsatiladi.

Bir nusxa xaridorga beriladi.

Agent qanday ma’lumot berishi shart?

Sotuvchi agent xaridorga:

  • ishlab chiqaruvchi;
  • tovarning kelib chiqqan mamlakati;
  • sifat xususiyatlari;
  • mavjud cheklovlar;
  • ehtimoliy qo‘shimcha to‘lovlar haqida to‘liq ma’lumot berishi shart.

Qaysi tovarlarni tarmoqli marketing orqali sotish mumkin emas?

Sotuvchi agentlar orqali tarmoqli marketing yo‘li bilan:

  • biologik faol qo‘shimchalar (BFQ);
  • dori vositalari;
  • tibbiy jihozlar sotilishi taqiqlangan.

Shuningdek import tovarlarini tadbirkorlik sub’ekti bo‘lmagan jismoniy shaxslar yoki chet el tijorat tashkilotlarining vakolatxonalari orqali tarmoqli marketing yo‘li bilan olib kirish va realizatsiya qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Tarmoqli tashkilot nimani talab qila olmaydi?

Tarmoqli marketingda:

  • shartnoma tuzish uchun agentdan majburiy minimal miqdorda tovar sotib olishni talab qilish;
  • agentdan a’zolik badali undirish;
  • shartnoma tuzilgandan keyin agentni boshqa sotuvchi agentlarni jalb qilishga majburlash taqiqlangan.

Shuningdek, 18 yoshga to‘lmagan shaxslarni sotuvchi agent sifatida jalb qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Chat