Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 1588 marta o'qildi

Yuridik klinika va huquqiy maslahat byurolari bilan bog‘lanish

Bepul huquqiy maslahatni qaerdan olish mumkin?

Fuqarolar «Madad» NNTning tuman va shaharlarda faoliyat yuritayotgan huquqiy maslahat byurolariga murojaat qilib bepul birlamchi yuridik yordam olishi mumkin.

Byurolar fuqarolarga:

  • huquqiy masalalar bo‘yicha bepul maslahat beradi;
  • qonunchilik mazmunini tushuntiradi;
  • nizoni sudgacha hal qilish uchun zarur huquqiy hujjatlarni tayyorlashda;
  • sudga murojaat qilish uchun zarur bo‘ladigan protsessual hujjatlarni tayyorlashda ko‘maklashadi.

Huquqiy maslahat byurosini qanday topish mumkin?

Advice.uz portalida hududlar kesimida huquqiy maslahat byurolarining ochiq ro‘yxati mavjud.

U erdan tegishli viloyat, tuman yoki shaharni tanlab, yaqin byuroni topish mumkin.

Byurolar zaruratga ko‘ra hududiy adliya organlari yoki tuman va shahar Davlat xizmatlari markazlari binolarida joylashtiriladi.

Huquqiy maslahat uchun haq to‘lanadimi?

«Madad» NNT huquqiy maslahat byurolari aholiga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatadi.

Bunda bepul yordam advokatning sudda professional himoyachi yoki vakil sifatida qatnashishi bilan bir xil emas. Agar ish bo‘yicha advokat ishtirok etishi zarur bo‘lsa, xususiy advokat bilan shartnoma tuzish yoki qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda davlat hisobidan yuridik yordam olish masalasi alohida hal qilinadi.

TDYuU Yuridik klinikasiga qanday murojaat qilish mumkin?

Toshkent davlat yuridik universiteti huzurida Yuridik klinika faoliyat yuritadi.

Amaldagi aloqa ma’lumotlari:

Manzil: Toshkent shahri, Sayilgoh ko‘chasi, 35-uy, TDYuU 1-o‘quv binosi, 124-xona.

Telefon: +998 71 233-66-36, ichki raqam — 1114.

Elektron pochta: lawclinic@tsul.uz.

Yuridik klinika fuqarolarning murojaatlari bilan ishlaydi va huquqiy masalalar bo‘yicha konsulьtativ yordam ko‘rsatadi.

Mehnat huquqi bo‘yicha yana qaerga murojaat qilish mumkin?

Mehnat va kasaba uyushmalari faoliyati bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining 1092 qisqa raqamli ishonch telefoni ham faoliyat yuritadi. Rasmiy manbada qo‘shimcha raqam sifatida +998 71 200-10-92 ko‘rsatilgan.

Eslatma: fuqaroga faqat huquqiy tushuntirish yoki ariza, da’vo, shikoyat kabi hujjatni tayyorlashda yordam kerak bo‘lsa, avvalo bepul huquqiy maslahat byurosiga murojaat qilish mumkin. Advokatning sudda ishtirok etishi zarur bo‘lsa, advokatlik yordami alohida tartibda rasmiylashtiriladi.

Chat