Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 40837 marta o'qildi

Bojxona rejimi nima uchun tanlanadi?

Tovar bojxona chegarasi orqali olib o‘tilganda uning bojxona maqsadlari uchun maqomi bojxona rejimi orqali belgilanadi. Tanlangan rejim tovardan qanday foydalanish mumkinligi, uni olib kirish yoki olib chiqish shartlari, bojxona to‘lovlari va boshqa talablarga ta’sir qiladi.

Tovarni chegara orqali olib o‘tish vakolatli shaxs zimmasiga uni tegishli bojxona rejimlaridan biriga joylashtirish va ushbu rejim talablariga rioya qilish majburiyatini yuklaydi.

Qanday bojxona rejimlari mavjud?

Bojxona kodeksida quyidagi 16 ta rejim belgilangan:

  1. eksport;
  2. reeksport;
  3. vaqtincha olib chiqish;
  4. bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash;
  5. erkin muomalaga chiqarish (import);
  6. reimport;
  7. vaqtincha olib kirish;
  8. bojxona hududida qayta ishlash;
  9. vaqtincha saqlash;
  10. bojxona ombori;
  11. erkin ombor;
  12. erkin bojxona zonasi;
  13. boj olinmaydigan savdo;
  14. bojxona tranziti;
  15. yo‘q qilish;
  16. davlat foydasiga voz kechish.

Rejimni tanlash yoki o‘zgartirish mumkinmi?

Vakolatli shaxs tovar va transport vositasining xususiyati, miqdori, kelib chiqish mamlakati yoki maqsadidan qat’i nazar qonunchilik talablariga muvofiq bojxona rejimini tanlash yoki uni boshqa rejimga o‘zgartirish huquqiga ega.

Tanlangan bojxona rejimi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatiladi. Har bir rejim uchun belgilangan shartlar bajarilishi shart.

Eslatma: bojxona rejimini tanlash tovarni avtomatik ravishda ushbu rejimga joylashtirilgan deb hisoblash uchun etarli emas. Tegishli rejim bo‘yicha qonunchilikda belgilangan talab va shartlarga rioya qilinishi lozim.

Chat