Davlat akkreditatsiyasi davlat va nodavlat:
— o‘rta maxsus va kasbiy ta’lim tashkilotlari;
— oliy ta’lim tashkilotlari;
— oliy ta’limdan keyingi ta’limni amalga oshiruvchi tashkilotlar;
— kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tashkilotlariga nisbatan qo‘llaniladi.
Akkreditatsiya sohasida maxsus vakolatli organ — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi hisoblanadi.
Davlat akkreditatsiyasi ikki asosiy turda amalga oshiriladi:
Maxsus davlat akkreditatsiyasi — yangi ta’lim dasturi bo‘yicha kadrlar tayyorlashni boshlashdan oldin uning belgilangan talablarga muvofiqligini baholash.
Kompleks davlat akkreditatsiyasi — ta’lim tashkiloti va unda amalga oshirilayotgan ta’lim dasturlarining sifati hamda belgilangan mezonlarga muvofiqligini davriy baholash.
Kompleks davlat akkreditatsiyasi har 5 yilda bir marta o‘tkaziladi.
Akkreditatsiya quyidagi to‘rt bosqichdan iborat:
— ariza berish;
— ichki baholash;
— tashqi baholash;
— yakuniy qaror qabul qilish.
Kelgusi o‘quv yilidan yangi ta’lim dasturini boshlash uchun maxsus akkreditatsiyaga ariza, qoida tariqasida, 1 oktyabrdan 31 yanvargacha beriladi.
Kompleks akkreditatsiya uchun ariza amaldagi sertifikatning muddati tugaydigan o‘quv yilidan oldingi yilning 15-sentabriga qadar topshiriladi.
Ariza va hujjatlar to‘liq taqdim etilsa, Milliy agentlik ularni 15 ish kuni ichida ko‘rib chiqadi.
Ariza qabul qilingach, 10 ish kuni ichida akkreditatsiya o‘tkazish bo‘yicha shartnoma tuziladi.
Ichki baholash hisoboti:
— maxsus akkreditatsiyada tashqi baholashdan kamida 1 oy oldin;
— kompleks akkreditatsiyada kamida 2 oy oldin taqdim etiladi.
2026-yil 5-yanvardan akkreditatsiya xizmatlari uchun alohida to‘lov miqdorlari amal qiladi.
Arizani ko‘rib chiqish uchun 2 BHM yig‘im undiriladi.
Bazaviy to‘lovlar, jumladan:
— o‘rta maxsus va kasbiy ta’limda: kompleks akkreditatsiya — 100 BHM, maxsus akkreditatsiya — har bir dastur uchun 18 BHM;
— oliy ta’limda: kompleks akkreditatsiya — 420 BHM, maxsus akkreditatsiya — har bir dastur uchun 100 BHM;
— oliy ta’limdan keyingi ta’limda: 238 BHM va 86 BHM;
— qayta tayyorlash va malaka oshirishda: 100 BHM va 17 BHM.
Aniq to‘lov miqdori belgilangan koeffitsientlar hisobga olingan holda hisoblanishi mumkin.
Tashqi baholashdan so‘ng dastlabki hisobot 15 ish kuni ichida tayyorlanadi. Ta’lim tashkiloti unga nisbatan 3 ish kuni ichida e’tiroz bildirishi mumkin.
Akkreditatsiya bo‘yicha qarordan norozi tashkilot 3 ish kuni ichida apellyatsiya berishi mumkin. Apellyatsiya 10 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Qaror ustidan sudga murojaat qilish huquqi ham mavjud.
Maxsus akkreditatsiyadan o‘tmagan ta’lim dasturi bo‘yicha kadr tayyorlashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Kompleks akkreditatsiyadan o‘ta olmagan tashkilotga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun 6 oygacha muddat berilishi mumkin. Akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tgan tashkilotga sertifikat bir hafta ichida rasmiylashtiriladi.