Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 18934 marta o'qildi

Qayta ishlash rejimi nimani anglatadi?

Bojxona hududida qayta ishlash rejimi xorijiy tovarlarni belgilangan talablarga muvofiq O‘zbekiston bojxona hududiga olib kirib, ularni qayta ishlash va qayta ishlash mahsulotlarini keyinchalik tegishli bojxona rejimiga joylashtirish imkonini beradi.

Soddalashtirilgan tartib 2022-yil 1-maydan amal qiladi.

Qanday operatsiyalar qayta ishlash hisoblanadi?

Qayta ishlash operatsiyalariga, jumladan:

  • tovarlarni qayta ishlash va ishlov berish;
  • boshqa tovarni tayyorlash, montaj qilish, yig‘ish yoki qismlarga ajratish;
  • tovarni ta’mirlash, tiklash va tarkibiy qismlarini almashtirish;
  • qadoqlash va qayta qadoqlash;
  • saralash va tozalash;
  • boshqa tovarlarga moslashtirish;
  • uskunalarni modernizatsiya qilish kiradi.

Qanday engilliklar belgilangan?

Tovar bojxona hududida qayta ishlash rejimiga joylashtirilayotganda uning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ talablarga muvofiqligini majburiy tasdiqlash va sanitariya-epidemiologik xulosa taqdim etish talab qilinmaydi.

Qayta ishlash mahsulotlarining chiqish normalari belgilangan tartibda boshqacha tasdiqlanmagan bo‘lsa, qayta ishlovchi sub’ekt tomonidan belgilanadi va bojxona organiga taqdim etiladi. Bir xil turdagi tovarlarni qayta ishlash uchun kontraktlar sonidan qat’i nazar 2 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga umumiy ruxsatnoma berilishi mumkin.

Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilari va vakolatli iqtisodiy operatorlarga belgilangan hollarda bojxona to‘lovlari to‘lanishini ta’minlash tartibi qo‘llanilmaydi. Qayta ishlash natijasida hosil bo‘lgan chiqindilarni erkin muomalaga chiqarish rejimiga joylashtirishda esa bojxona boji undirilmaydi.

Qachon ruxsatnoma talab qilinmaydi?

Agar bojxona hududida qayta ishlash rejimini qo‘llashning maqsadi tovarni ta’mirlash bo‘lsa, qayta ishlash uchun ruxsatnoma talab etilmaydi.

Berilgan ruxsatnoma keyinchalik boshqa shaxsga o‘tkazilishi mumkin, agar u ushbu ruxsatnoma bo‘yicha barcha majburiyatlarni o‘z zimmasiga olsa. Shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchisining arizasiga ko‘ra ruxsatnomadagi chiqish normalari, qayta ishlash manzili, taraflar rekvizitlari va qayta ishlash muddatiga qonunchilikka zid bo‘lmagan o‘zgartishlar kiritilishi mumkin.

Chat