
Qaysi hujjatlar ta’sis hujjatlari hisoblanadi?
Nodavlat notijorat tashkilotining asosiy ta’sis hujjati — muassislar yoki a’zolar tomonidan tasdiqlangan ustav.
Agar NNT uyushma yoki ittifoq shaklida tashkil etilsa, ta’sis hujjatlari:
- qatnashchilar tuzgan ta’sis shartnomasi;
- qatnashchilar tasdiqlagan ustavdan iborat bo‘ladi.
Ta’sis hujjatlaridagi talablar NNTning o‘zi, uning muassislari va qatnashchilari uchun majburiydir.
Ta’sis shartnomasida nimalar belgilanadi?
Uyushma yoki ittifoqning ta’sis shartnomasida, jumladan:
- tashkilotni birgalikda tuzish tartibi;
- muassislarning mol-mulk berish shartlari;
- tashkilot faoliyatida ishtirok etish tartibi;
- tashkilotni boshqarish masalalari;
- muassislarning uning tarkibidan chiqish shartlari belgilanadi.
Muassislar o‘zaro kelishib, qonunchilikka zid bo‘lmagan boshqa shartlarni ham kiritishlari mumkin.
Ustavda nimalar bo‘lishi kerak?
NNT ustavida, asosan:
- tashkilotning nomi, maqsad va vazifalari;
- tashkiliy-huquqiy shakli va faoliyat hududi;
- tuzilmasi va rahbar organlari;
- zarur hollarda nazorat-taftish organlari yoki auditorlarni jalb etish tartibi;
- rahbar organlarining vakolatlari, ularni shakllantirish tartibi va vakolat muddati;
- doimiy ishlaydigan rahbar organning joylashgan eri;
- a’zolikka asoslangan tashkilotlarda a’zo bo‘lish va a’zolikdan chiqish tartibi, a’zolarning huquq va majburiyatlari;
- pul mablag‘lari va boshqa mol-mulkni shakllantirish manbalari;
- mol-mulkni boshqarishga oid huquqlar;
- qayta tashkil etish va tugatish tartibi;
- ustavga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish tartibi nazarda tutiladi. Jamoat fondlari uchun nazorat-taftish organining mavjudligi majburiy hisoblanadi.
Ustavga boshqa qoidalarni kiritish mumkinmi?
Ha. NNT faoliyatiga taalluqli va qonunchilikka zid bo‘lmagan boshqa qoidalar ham ustavga kiritilishi mumkin.
Ustavda tashkilotning ramziy belgilari tavsifi ham nazarda tutilishi mumkin. NNTning bayrog‘i, emblemasi, vimpeli va boshqa ramzlari davlat ramzlariga o‘xshamasligi kerak.