Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 14449 marta o'qildi

Qaysi kurslar uchun kredit beriladi?

Ta’lim krediti axborot texnologiyalari sohasida o‘qish uchun IT Park rezidenti bo‘lgan tashkilotlarning o‘quv kurslariga ajratiladi.

IT sohasida ta’lim beruvchi rezident tashkilotlar reestri IT Park tomonidan elektron shaklda yuritiladi.

Shu sabab har qanday xususiy IT kurs avtomatik ravishda mazkur imtiyozli kredit dasturiga kirmaydi.

Kimlar kredit olishi mumkin?

Kredit:

  • O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan;
  • shuningdek O‘zbekistonda doimiy yashaydigan fuqaroligi bo‘lmagan yoshlarga IT sohasidagi tegishli o‘quv kurslarida tahsil olish uchun ajratiladi.

Kredit miqdori va muddati qancha?

Ta’lim krediti:

  • 65 BHMgacha;
  • 4 yil muddatga;
  • 1 yillik imtiyozli davr bilan ajratiladi.

Foiz stavkasi qancha?

Kredit Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida ajratiladi.

Agar Markaziy bank asosiy stavkasi keyinchalik pasaytirilsa, kredit stavkasi ham mutanosib ravishda pasayadi. Asosiy stavka oshsa, kredit bo‘yicha stavka o‘zgarishsiz qoladi.

Garov yoki kafil talab qilinadimi?

Umumiy holda bank kredit qaytarilishini ta’minlash bo‘yicha o‘z talablarini qo‘llashi mumkin.

Biroq 2026-yil 1 fevraldan Ijtimoiy reestrga kiritilgan oilalar farzandlari bo‘lgan yoshlarga IT sohasida o‘qish uchun ajratiladigan ta’lim kreditida garov va kafillik talab etilmaydi.

Kredit puli qaerga o‘tkaziladi?

Kredit maqsadli bo‘lib, IT kurslarida o‘qish haqini moliyalashtirish uchun ajratiladi. Bank kursning IT Park rezidenti ekanini va tegishli reestrda mavjudligini tekshirishi mumkin.

Kompьyuter sotib olish uchun ham imtiyoz bormi?

Ha, bu ta’lim kreditidan alohida kredit mexanizmi.

IT Park rezidenti bo‘lgan tashkilotning IT kurslarida:

  • tahsil olayotgan va ishtirokchi sertifikatini olgan;
  • yoki kursni oxirgi 6 oy ichida muvaffaqiyatli tamomlagan yoshlarga kompьyuter xarid qilish uchun 25 BHMgacha iste’mol krediti yoki mikroqarz ajratilishi mumkin.

Ushbu kreditlar bo‘yicha foiz to‘lovlarining Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravarigacha bo‘lgan qismi Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan kompensatsiya qilinadi.

Kompьyuter uchun kredit mablag‘i kompьyuter sotuvchi tadbirkorlik sub’ektining hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.

Eslatma: kredit olishdan oldin o‘quv markazining IT Park rezidenti ekanini tekshirish muhim. Oddiy xususiy o‘quv markazida o‘qishning o‘zi ushbu imtiyozli kreditdan foydalanish huquqini bermaydi.

Chat