Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 10066 marta o'qildi

Qanday holatlar haqida xabar berish mumkin?

Adliya organlari va muassasalari xodimlari tomonidan:

  • pora talab qilinishi yoki taklif etilishi;
  • xizmat vakolatlaridan shaxsiy yoki boshqa shaxslar manfaati uchun foydalanilishi;
  • davlat xizmatini ko‘rsatishni asossiz ravishda cho‘zish yoki rad etish;
  • manfaatlar to‘qnashuvini yashirish;
  • tanish-bilishchilik, mahalliychilik yoki boshqa noqonuniy ustunlik berish;
  • davlat mulki va byudjet mablag‘laridan qonunga xilof foydalanish;
  • boshqa korruptsiyaga oid huquqbuzarliklar kuzatilsa, Adliya vazirligiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berish mumkin.

Qaysi tashkilotlardagi holatlar bo‘yicha murojaat qilish mumkin?

Xabar, jumladan, quyidagi adliya organlari va muassasalari faoliyatiga taalluqli bo‘lishi mumkin:

  • Adliya vazirligi markaziy apparati;
  • hududiy adliya boshqarmalari;
  • tuman va shahar adliya bo‘limlari;
  • yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari;
  • FHDYo organlari;
  • Davlat xizmatlari markazlari;
  • X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi va uning hududiy bo‘linmalari;
  • «Adolat» milliy huquqiy axborot markazi;
  • Intellektual mulk markazi;
  • davlat notarial idoralari va notarial arxivlar;
  • yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish muassasalari;
  • Toshkent davlat yuridik universiteti;
  • yuridik texnikumlar;
  • Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi akademik litsey.

Korruptsiya haqida qanday xabar berish mumkin?

Adliya organlari va muassasalaridagi korruptsiya holatlari haqida quyidagi kanallar orqali xabar berish mumkin:

  • Telegram orqali — @antikorbot;
  • Adliya vazirligining korruptsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmasiga — +998 71 207-04-64;
  • Adliya vazirligining ishonch telefoni orqali — 1008;
  • elektron pochta orqali — info@adliya.uz;
  • Adliya vazirligining rasmiy veb-saytidagi maxsus murojaat platformasi orqali;
  • yozma yoki shaxsiy murojaat orqali.

Adliya vazirligining manzili: 100047, Toshkent shahri, Sayilgoh ko‘chasi, 5-uy.

Xabarda nimalarni ko‘rsatish kerak?

Xabarda imkoni boricha quyidagi ma’lumotlarni keltirish maqsadga muvofiq:

  • korruptsiya holati sodir bo‘lgan joy va vaqt;
  • ishtirok etgan xodim yoki tashkilot haqidagi ma’lumot;
  • voqeaning qisqacha mazmuni;
  • talab qilingan pul yoki boshqa manfaat miqdori;
  • guvohlar haqidagi ma’lumotlar;
  • mavjud hujjat, yozishma, audio, video, foto yoki boshqa dalillar;
  • murojaat qiluvchining aloqa ma’lumotlari.

Murojaatdagi ma’lumotlar aniq va voqelikka mos bo‘lishi kerak. Bila turib yolg‘on ma’lumot berish qonunchilikda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.

Murojaat qiluvchining shaxsi sir saqlanadimi?

Korruptsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlar maxfiy saqlanishi kerak.

Xabar bergan shaxs va uning yaqin qarindoshlari qonunchilikda belgilangan tartibda davlat himoyasida bo‘ladi. Xabar bergani sababli uni ta’qib qilish, unga tazyiq o‘tkazish yoki huquqlarini cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Bila turib yolg‘on xabar bergan shaxslarga ushbu himoya kafolatlari tatbiq etilmaydi.

Murojaat qanday ko‘rib chiqiladi?

Kelib tushgan xabar:

  • ro‘yxatga olinadi;
  • korruptsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmasi tomonidan o‘rganiladi;
  • zarur hujjatlar va tushuntirishlar so‘rab olinadi;
  • huquqbuzarlik alomatlari mavjud bo‘lsa, tegishli vakolatli organga yuboriladi.

Korruptsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmasi bevosita tashkilotning birinchi rahbariga bo‘ysunadi va o‘z faoliyati bo‘yicha uning oldida hisobdor hisoblanadi.

Muhim tavsiyalar

Korruptsiya holatiga duch kelganda:

  • pul yoki boshqa qimmatlikni o‘zboshimchalik bilan bermaslik;
  • yozishmalar va boshqa dalillarni o‘chirmaslik;
  • xodimni mustaqil ravishda ushlashga urinmaslik;
  • imkon qadar tez vakolatli organga xabar berish lozim.

Keyingi harakatlarni huquqni muhofaza qiluvchi yoki korruptsiyaga qarshi ichki nazorat organining ko‘rsatmasi asosida amalga oshirish maqsadga muvofiq.

Chat