Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 44015 marta o'qildi

Rais yig‘in faoliyatini qanday tashkil etadi?

Fuqarolar yig‘ini raisi fuqarolar yig‘inini yoki fuqarolar vakillarining yig‘ilishini chaqiradi, yig‘in va uning organlari o‘z vakolatlarini amalga oshirishi hamda qabul qilingan qarorlar bajarilishi bo‘yicha ishlarni tashkil etadi.

Rais fuqarolar yig‘iniga mas’ul kotib, asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha komissiyalar va taftish komissiyasi raislari hamda a’zolari nomzodlarini, kengashga esa harbiy hisobni yuritish bo‘yicha xodim nomzodini taqdim etadi.

Rais mahalla nomidan ish yurita oladimi?

Rais davlat organlarida, shu jumladan sudlarda, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslar bilan munosabatlarda fuqarolar yig‘inining manfaatlarini ifodalaydi.

U fuqarolar yig‘ini nomidan shartnomalar, shu jumladan mehnat shartnomalarini tuzadi va yig‘in mablag‘larini qonunchilikka muvofiq tasarruf etadi.

Fuqarolar murojaatlari bo‘yicha qanday vakolatlari bor?

Fuqarolar yig‘ini raisi fuqarolarni qabul qiladi, ularning ariza, taklif va shikoyatlarini ko‘rib chiqadi. Shuningdek, qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda fuqarolarga ularning oilaviy va mulkiy ahvoli to‘g‘risida ma’lumotnoma va boshqa hujjatlar berilishini ta’minlaydi.

Rais ijtimoiy yordamga muhtoj oilalar, etim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, shuningdek favqulodda vaziyatlardan jabrlangan fuqarolarning moddiy va uy-joy sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha tegishli davlat organlariga takliflar kiritishi mumkin.

Rais qanday ayrim yuridik harakatlarni amalga oshirishi mumkin?

Fuqarolar yig‘ini raisi belgilangan tartibda o‘limni qayd etishi mumkin.

Shuningdek, u belgilangan tartibda:

  • xat-xabarlar, pul va posilkalarni olish;
  • ish haqi va mehnat munosabatlari bilan bog‘liq boshqa to‘lovlarni olish;
  • mualliflik va ixtirochilik haqlarini olish;
  • pensiya, nafaqa va stipendiyalarni olish;
  • banklardan pul mablag‘larini olish uchun berilgan ishonchnomalarni tasdiqlashi mumkin.

Raisning boshqa huquqiy vazifalari ham bormi?

Qonunda nazarda tutilgan hollarda rais egasiz yoki saqlashga muhtoj mol-mulkni muhofaza qilish choralarini ko‘radi, voyaga etmaganlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha jamoatchilik ishlarini tashkil etadi va tegishli davlat organlariga zarur ma’lumot hamda takliflarni kiritadi.

Fuqarolar yig‘ini raisi o‘z vakolatlari doirasida qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.

Chat