Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 30746 marta o'qildi

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi nimalarga mas’ul?

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunadi. Uning asosiy faoliyati xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish va oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Qo‘mitaning ustuvor yo‘nalishlariga:

  • xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish;
  • xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlash;
  • ta’lim, ilm-fan, sport, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash;
  • kasb-hunar o‘rganish va munosib ish topishga ko‘maklashish;
  • xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish;
  • tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish;
  • oilalarda sog‘lom turmush tarzi va reproduktiv salomatlikni targ‘ib qilish;
  • og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlar bilan manzilli ishlash kiradi.

Mahallada xotin-qizlar bilan kim ishlaydi?

Har bir mahallada xotin-qizlar bilan manzilli ishlashda xotin-qizlar faoli ishtirok etadi.

Mahalladagi xotin-qizlar faollari o‘z faoliyatida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda uning hududiy bo‘linmalariga bo‘ysunadi va hisobdor hisoblanadi.

Xotin-qizlar faoli ehtiyojmand xotin-qizlarni aniqlash, ularning muammolarini o‘rganish, bandlik, kasb-hunar, tadbirkorlik, ijtimoiy, huquqiy va psixologik yordam olishga ko‘maklashishda tegishli tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.

Hududlarda tizim qanday ishlaydi?

Qo‘mita tizimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, viloyatlar va Toshkent shahar oila va xotin-qizlar boshqarmalari hamda tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlari faoliyat yuritadi.

Shu bois muayyan masala mahalla darajasida hal qilinmasa, fuqaro tegishli tuman yoki shahar oila va xotin-qizlar bo‘limiga murojaat qilishi mumkin.

Qanday qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlari mavjud?

Xotin-qizlarning ehtiyojiga qarab:

  • bandlikni ta’minlash;
  • kasb-hunarga o‘qitish;
  • tadbirkorlikni boshlash yoki rivojlantirish;
  • ijtimoiy yordam;
  • huquqiy va psixologik yordam;
  • tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya;
  • tibbiy va ijtimoiy xizmatlarga yo‘naltirish kabi choralar qo‘llanilishi mumkin.

Ayrim yordam turlari uchun «Ayollar daftari» va boshqa maxsus mexanizmlarda belgilangan alohida mezonlar qo‘llaniladi.

Chat