Yoshlar etakchisining asosiy vazifalari nimalardan iborat?
Har bir mahallada yoshlar etakchisi faoliyat yuritadi. Uning asosiy vazifalari:
- yoshlarning o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshirish va jamiyat uchun foydali loyihalarni mahalla darajasida amalga oshirish;
- yoshlarning shaxsiy rivojlanishi, iqtidor va iste’dodini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan tadbirlarni tashkil etish;
- mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlarning tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish va bandligiga ko‘maklashish;
- «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlarga beriladigan yordamning ijtimoiy hamkorlik tamoyili asosida tashkil etilishini ta’minlashdan iborat.
Etakchi yoshlar bilan qanday yo‘nalishlarda ishlaydi?
Etakchi mahallada yoshlarning qiziqishlaridan kelib chiqib:
- madaniyat va san’at;
- sport va sog‘lom turmush tarzi;
- axborot texnologiyalari;
- kitobxonlik va ma’naviyat;
- vatanparvarlik va huquqiy savodxonlik;
- tadbirkorlik yo‘nalishlarida loyiha, tanlov, musobaqa va boshqa tadbirlarni tashkil etadi.
Qonunchilikda belgilangan ayrim yordam turlari ham yoshlar etakchisining tavsiyasi asosida ajratiladi.
Yoshlar etakchisining ish haqi qancha?
Oylik ish haqi mahalladagi xonadonlar soniga qarab belgilanadi:
- 500 tagacha xonadon — MHEKMning 5 baravari;
- 501 tadan 1 000 tagacha — MHEKMning 5,5 baravari;
- 1 000 tadan ortiq — MHEKMning 6 baravari.
Boshqa hududdan kelib ishlayotgan etakchiga turar joy ijarasi uchun 2 BHMgacha kompensatsiya to‘lanishi mumkin.
Samarali etakchilar qanday rag‘batlantiriladi?
Har chorakda mamlakat bo‘yicha eng yuqori natija ko‘rsatgan 100 nafar yoshlar etakchisi bir oylik ish haqi miqdorida bir martalik mukofot bilan taqdirlanadi. Shuningdek, Yoshlar ishlari agentligi samaradorlik ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib etakchilarni har chorak yakuni bo‘yicha oylik ish haqining 50 foizigacha qo‘shimcha mukofotlashi mumkin.
Yil yakunida yuqori natijalarga erishgan etakchilarga ipoteka krediti asosida xarid qilinayotgan uy-joy qiymatining 50 foizi miqdorida, biroq belgilangan hisoblangan uy-joy qiymatining 50 foizidan oshmagan subsidiya berilishi nazarda tutilgan.