
Safarbarlik chaqiruvi rezerviga:
— harbiy xizmatga yaroqli, shu jumladan belgilangan cheklovlar bilan yaroqli;
— chaqirilishni kechiktirish yoki chaqirilishdan ozod bo‘lish huquqiga ega bo‘lmagan;
— ammo navbatdagi chaqiruvda Qurolli Kuchlarga chaqirilmagan shaxslar olinadi.
Safarbarlik chaqiruvi rezerviga shaxslar 27 yoshga to‘lgunga qadar olinadi.
Xizmat hududiy printsip asosida tashkil etilib, xizmat davrida bir marta bir oylik harbiy yig‘inni o‘tash nazarda tutiladi.
Umumiy tartibda xizmatga olingan shaxs Mudofaa vazirligining maxsus hisobvarag‘iga belgilangan pul badalini to‘laydi. To‘lov shartlari Mudofaa vazirligi bilan tuziladigan shartnomada belgilanadi.
Pul badali xizmatga olingandan keyin 1 yil mobaynida, tomonlar kelishuviga ko‘ra bir yo‘la yoki bosqichma-bosqich to‘lanishi mumkin.
2026-yil 1 fevraldan Kambag‘al oilalar reestriga kiritilgan oilalar yoshlari uchun safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmatni bepul o‘tash tartibi joriy etildi.
Shu bilan birga, ushbu xizmat uchun avval «Yoshlar daftari» orqali subsidiya ajratish tartibi bekor qilindi.
Eslatma: Kambag‘al oilalar reestriga kiritilgan oila yoshi uchun xizmat to‘lovini avval o‘zi to‘lab, keyin subsidiya talab qilish emas, bepul o‘tash mexanizmi amal qiladi.
Belgilangan harbiy yig‘inni o‘tagan shaxs Qurolli Kuchlar rezerviga o‘tkaziladi. Umumiy to‘lovli tartibda belgilangan badalni to‘lagan va harbiy yig‘inni o‘tagan shaxs muddatli harbiy xizmatga chaqirilishdan ozod qilinadi.
Harbiy yig‘in davrida, yig‘in joyiga borish va qaytish vaqti bilan birga, xodimning ish joyi (lavozimi) saqlanadi.
Chaqiruv haqidagi ma’lumotnoma olingan kundan harbiy yig‘indan qaytguniga qadar mehnat shartnomasini ish beruvchi tashabbusi bilan bekor qilishga, tashkilot tugatilgan holatdan tashqari, yo‘l qo‘yilmaydi.