Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 25773 marta o'qildi

«Ayollar daftari»ga kiritilgan xotin-qiz tibbiy yordam olishi mumkinmi?

Ha. «Ayollar daftari»ga kiritilgan xotin-qizlar, shuningdek ularning voyaga etmagan farzandlariga tibbiy yordam zarurati aniqlanganda, «mahalla ettiligi» tomonidan hududiy birlamchi tibbiy-sanitariya muassasasi shifokori jalb qilingan holda ularning salomatligi baholanadi.

Tibbiy yordam zarur deb topilsa, shaxs tegishli tibbiyot muassasasiga yo‘naltiriladi va statsionar yoki ambulator davolanish masalasi hal qilinadi. Viloyat yoki respublika darajasida davolanish zarur bo‘lgan hollarda xarajatlar qonunchilikda belgilangan tartibda qoplanishi mumkin.

Ijtimoiy reestrga kiritilgan oilalarning 30 yoshdan oshgan xotin-qizlari, shuningdek har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromadi minimal iste’mol xarajatlarining 2 baravaridan oshmaydigan oilalardagi 30 yoshdan oshgan xotin-qizlarga:

  • jarrohlik amaliyotisiz davolanish uchun — 50 BHMgacha;
  • jarrohlik amaliyoti uchun — Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan qoplanishi belgilangan bazaviy narxlar doirasida ijtimoiy yordam ko‘rsatilishi mumkin.

Bu yordamni olish uchun tibbiy xizmat qiymati ko‘rsatilgan va QR-kodga ega yo‘llanma bo‘lishi, tegishli davolanish navbati esa kamida 2 oy bo‘lishi talab etiladi. Mazkur turdagi yordam bir yilda bir marta ko‘rsatiladi.

Qanday oila ko‘p bolali oila hisoblanadi?

4 nafar va undan ortiq 18 yoshga to‘lmagan bolasi bo‘lgan oila ko‘p bolali oila hisoblanadi.

Agar oiladagi 4 nafar va undan ortiq farzanddan biri yoki bir nechtasi o‘rta maxsus, professional yoki oliy ta’lim tashkilotida kunduzgi shaklda o‘qiyotgan va 22 yoshga to‘lmagan bo‘lsa, bu oila ham ko‘p bolali oila maqomini saqlab qoladi.

Davlat ko‘p bolali oilalarga qonunchilikda nazarda tutilgan imtiyozlar va ijtimoiy kafolatlar berilishini ta’minlaydi.

«Ayollar daftari»ga qanday kirish mumkin?

«Ayollar daftari»ga 30 yoshdan oshgan va belgilangan toifalardan biriga kiruvchi ehtiyojmand xotin-qizlar kiritiladi. Bular:

  • ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlar;
  • tadbirkorlikni boshlash yoki kengaytirish istagidagi xotin-qizlar;
  • uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj xotin-qizlar;
  • tibbiy yoki psixologik yordamga muhtoj xotin-qizlar;
  • huquqiy yordamga muhtoj xotin-qizlar.

Xotin-qizlarning ehtiyojlari har yili yanvarь oyida uyma-uy o‘rganish orqali, shuningdek ularning «mahalla ettiligi»ga bevosita yoki «Ayollar daftari» axborot tizimi orqali murojaati asosida aniqlanadi.

Anketa-so‘rovnoma to‘ldirilgandan keyin «mahalla ettiligi» 3 kun ichida ehtiyoj toifasini aniqlaydi va daftarga kiritish to‘g‘risida qaror qabul qiladi yoki rad etish sababini asoslantiradi. Xotin-qizning yashash joyida doimiy yoki vaqtincha ro‘yxatda turmasligi uni «Ayollar daftari»ga kiritishni rad etish uchun asos bo‘lmaydi.

Uy-joyni ta’mirlash uchun yordam olish mumkinmi?

Ha. Uy-joyi ta’mirlashga muhtoj bo‘lgan ayrim xotin-qizlarga «Ayollar daftari» jamg‘armasi hisobidan 50 BHMgacha ijtimoiy yordam ko‘rsatilishi mumkin.

Bu yordam:

  • Ijtimoiy reestrga kiritilgan oilalarning 30 yoshdan oshgan xotin-qizlariga;
  • har bir oila a’zosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromadi minimal iste’mol xarajatlarining 2 baravaridan oshmaydigan oilalardagi 30 yoshdan oshgan xotin-qizlarga berilishi mumkin. Yordam bir marta ko‘rsatiladi.

Mablag‘ xotin-qizning qo‘liga naqd shaklda berilmaydi. Uy-joyni ta’mirlash uchun zarur qurilish materiallari, xizmatlar va ishlar uchun mablag‘ shartnoma asosida tegishli etkazib beruvchilarga to‘lab beriladi.

Chat