Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 10469 marta o'qildi

Kimlarga uyda ta’lim beriladi?

Uyda yakka tartibda ta’lim tibbiy ko‘rsatmalarga ko‘ra doimiy yoki vaqtincha maktabga qatnay olmaydigan:

  • jismoniy, aqliy, sensor yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan;
  • uzoq vaqt davolanishga muhtoj bo‘lgan bolalar uchun tashkil etiladi.

Bolaning ta’lim olish huquqini ta’minlash maqsadida tegishli sinf yoshidan ikki yoshga katta bo‘lgan o‘quvchini ham shu sinf bo‘yicha uyda o‘qitish mumkin.

Tibbiy xulosa qanday olinadi?

Ota-ona yoki qonuniy vakil bolani tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun yashash joyidagi tibbiy-maslahat komissiyasiga murojaat qiladi.

Komissiyaga:

  • kasallik tarixidan ko‘chirma;
  • ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasasining xulosasi;
  • zarur bo‘lganda boshqa diagnostika tekshiruvlari natijalari taqdim etiladi.

Tibbiy ko‘rik murojaat qilingan kundan boshlab 3 kun ichida o‘tkaziladi. Uyda ta’lim olishga asos bo‘ladigan kasallik aniqlansa, tibbiy xulosa rasmiylashtiriladi.

Tibbiy xulosaning amal qilish muddati

Tibbiy xulosa:

  • 6 oyga;
  • yoki to‘liq o‘quv yiliga beriladi.

Xulosa ota-onaga tibbiy ko‘rik o‘tkazilgan kunning o‘zida taqdim etiladi.

Maktabga qanday murojaat qilinadi?

Ota-ona yoki qonuniy vakil maktab direktori nomiga ariza beradi.

Arizaga:

  • bolaning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi nusxasi;
  • avval o‘qigan bo‘lsa, baholar tabeli;
  • tibbiy-maslahat komissiyasining xulosasi ilova qilinadi.

Maktab direktori hujjatlarni olganidan keyin 3 kun ichida tegishli tuman yoki shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga murojaat qiladi. Vakolatli bo‘lim ham hujjatlar asosida 3 kun ichida uyda ta’limni tashkil etish haqida qaror qabul qiladi.

Darslar qanday tashkil etiladi?

Uyda ta’lim uchun haftalik dars soatlari:

  • 1–4-sinflarda — 8 soat;
  • 5–9-sinflarda — 10 soat;
  • 10–11-sinflarda — 12 soat.

Dars jadvali bolaning sog‘lig‘i hisobga olinib, ota-ona bilan kelishilgan holda tuziladi va maktab direktori tomonidan tasdiqlanadi. Mashg‘ulotlar haftasiga kamida 3 kunga taqsimlanadi.

Zarur bo‘lganda fan o‘qituvchilaridan tashqari logoped, psixolog, defektolog va boshqa mutaxassislar ham jalb qilinishi mumkin.

Chat