Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 3744 marta o'qildi

Harakatlanayotgan transport vositalarida yo‘lovchilarga nimalar taqiqlanadi?

Transportga qaerdan chiqish va tushish kerak?

Yo‘lovchi transport vositasiga faqat u to‘liq to‘xtagandan keyin chiqishi va tushishi kerak.

Qoida tariqasida, chiqish va tushish trotuar yoki yo‘l yoqasi tomondan amalga oshiriladi. Agar buning imkoni bo‘lmasa, harakat xavfsiz bo‘lgan va boshqa yo‘l harakati ishtirokchilariga xalaqit bermaydigan holda qatnov qismi tomondan chiqish yoki tushish mumkin.

Xavfsizlik kamarini taqish majburiymi?

Ha. Xavfsizlik kamarlari bilan jihozlangan transport vositasida yo‘lovchi harakat boshlanishidan oldin xavfsizlik kamarini taqishi shart.

Mototsikl, elektromototsikl, moped, skuter va kichik hajmdagi mototransport vositasida harakatlanayotgan yo‘lovchi maxsus motoshlem kiyishi va uni qadab olishi kerak.

Harakat vaqtida yo‘lovchiga nimalar taqiqlanadi?

Yo‘lovchiga transport vositasi harakatlanayotgan vaqtda:

  • haydovchini boshqaruvdan chalg‘itish yoki unga xalaqit berish;
  • bortli yuk avtomobilida tik turish;
  • uning bortida yoki bortdan baland joylashgan yuk ustida o‘tirish;
  • transport vositasining eshiklarini ochish;
  • salondan qo‘ldan tashqari tana qismlarini chiqarish taqiqlanadi.

Ushbu talablarga kim javob beradi?

Yo‘lovchi o‘z majburiyatlariga rioya qilishi shart. Shu bilan birga, Yo‘l harakati qoidalariga ko‘ra, yo‘lovchilar ushbu talablarni bajarayotganini haydovchi nazorat qilishi kerak.

Haydovchi harakatni boshlashdan oldin yo‘lovchilarni xavfsiz tashish uchun zarur sharoit mavjudligiga ishonch hosil qilishi lozim.

Eslatma: avtomobilь hali harakatlanayotgan bo‘lsa, eshikni ochish yoki tushishga tayyorlanib eshikni yarim ochiq holatga keltirish mumkin emas. Chiqish va tushish faqat transport vositasi to‘liq to‘xtagandan keyin amalga oshiriladi.

Chat