Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 440804 marta o'qildi

Qanday to‘lovlar mavjud?

Ijtimoiy reestrga kiritilgan oilalarga ularning tarkibi va ijtimoiy-iqtisodiy holatiga qarab:

  • bolalar nafaqasi;
  • yoki moddiy yordam tayinlanishi mumkin.

Ijtimoiy reestr — oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy holatini baholash va ularni qo‘llab-quvvatlash choralarini belgilashga xizmat qiluvchi axborot tizimi.

Bolalar nafaqasi — eng kichik yoki yagona farzandi 18 yoshga to‘lmagan oilaga bolalar sonidan kelib chiqib to‘lanadigan nafaqa.

Moddiy yordam — bolasi bo‘lmagan, barcha bolalari 18 yoshdan oshgan oilalar va yakka-yolg‘iz fuqarolarga tayinlanadigan to‘lov.

Kimga qaysi to‘lov beriladi?

Bolalar nafaqasi eng kichik yoki yagona farzandi 18 yoshga to‘lmagan oilaga tayinlanadi.

Moddiy yordam:

  • bolasi bo‘lmagan oilalarga;
  • barcha farzandlari 18 yoshdan oshgan oilalarga;
  • yakka-yolg‘iz fuqarolarga tayinlanadi.

Bir oilaga bolalar nafaqasi va moddiy yordamni bir vaqtning o‘zida to‘lash mumkin emas.

Qaerga murojaat qilinadi?

Arizani:

  • yashash joyiga biriktirilgan ijtimoiy xodim orqali;
  • YaIDXP — my.gov.uz orqali;
  • «Ijtimoiy karta» mobil ilovasi orqali;
  • belgilangan boshqa elektron axborot tizimlari orqali berish mumkin.

Oila Ijtimoiy reestrga kiritilmagan bo‘lsa, nafaqa yoki moddiy yordam uchun ariza bilan bir vaqtda oilani Reestrga kiritish arizasi ham rasmiylashtiriladi.

Oilaning holati qanday o‘rganiladi?

Oila haqidagi ma’lumotlar davlat axborot tizimlari orqali dastlabki baholanadi.

Zarur hollarda ijtimoiy xodim:

  • xonadonga boradi;
  • oila tarkibi va daromadlarini o‘rganadi;
  • mol-mulk, transport, er, chorva va bandlik holati haqida elektron so‘rovnoma to‘ldiradi.

Ariza va baholash natijalari haqida fuqaroga SMS-xabar yuboriladi.

To‘lov qachon boshlanadi?

Nafaqa yoki moddiy yordam ariza ko‘rib chiqilgan oydan keyingi oyning birinchi sanasidan to‘lanadi.

To‘lov mablag‘i ariza beruvchining:

  • bank kartasiga;
  • yoki ijtimoiy kartasiga o‘tkaziladi.

Oilaning daromadi oshsa

Oila «davlat ta’minotidagi oila» yoki «kambag‘al oila» toifasidan «kambag‘allik chegarasidagi oila» toifasiga o‘tkazilsa, to‘lov qo‘shimcha arizasiz davom ettirilishi mumkin.

Bunda oilaning har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan daromadga qarab nafaqa yoki moddiy yordam belgilangan miqdorning:

  • 75 foizi;
  • yoki 50 foizi miqdorida to‘lanishi mumkin.

Muhim: ariza berilganining o‘zi to‘lov avtomatik tayinlanishini anglatmaydi. Oilaning daromadi, mol-mulki, bandligi va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlari baholanadi.

Chat