Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 68722 marta o'qildi

Ro‘yxatdan o‘tishning qanday turlari bor?

O‘zbekiston fuqarosi:

  • doimiy yashaydigan manzili bo‘yicha — yashash joyida;
  • vaqtincha yashayotgan manzili bo‘yicha — turgan joyida ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Turgan joy bo‘yicha ro‘yxatning yo‘qligi fuqaroni yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish uchun asos bo‘lmaydi. Shuningdek, yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatning yo‘qligi vaqtincha ro‘yxatdan o‘tishga to‘sqinlik qilmaydi.

Yashash joyi — shaxs doimiy yoki asosan yashaydigan turar joy.

Turgan joy — shaxs muayyan muddat vaqtincha yashayotgan manzil.

Xabardor qilish tartibi — arizani elektron tizim orqali yuborish asosida ro‘yxatdan o‘tkazish usuli.

Doimiy ro‘yxatdan qanday o‘tiladi?

Yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish uchun:

  • ichki ishlar organining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmasiga;
  • Davlat xizmatlari markaziga;
  • YaIDXP — my.gov.uz orqali murojaat qilish mumkin.

Shaxsan murojaat qilinganda, qoida tariqasida:

  • uy-joy mulkdorining arizasi yoki roziligi;
  • mulkdorning pasporti yoki ID-kartasi;
  • ro‘yxatdan o‘tayotgan shaxsning pasporti yoki ID-kartasi;
  • 16 yoshga to‘lmagan bola kiritilsa, uning tug‘ilganlik guvohnomasi taqdim etiladi.

YaIDXP orqali murojaat qilinganda ariza ro‘yxatdan o‘tayotgan shaxs va uy-joy mulkdori tomonidan elektron tarzda tasdiqlanadi.

Bolani ro‘yxatdan o‘tkazish

Bola ota-onasining yoki ulardan birining yashash manzili bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazilganda uy-joy mulkdorining alohida roziligi talab etilmaydi.

Vasiylik, homiylik yoki patronatdagi bola ro‘yxatga kiritilsa, tegishli vakolatni tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etiladi.

Vaqtincha ro‘yxatdan qanday o‘tiladi?

Turgan joy bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish:

  • migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmasi;
  • huquq-tartibot maskani yoki mahalla huquq-tartibot punkti;
  • Davlat xizmatlari markazi;
  • YaIDXP;
  • «E-xabar berish» tizimi orqali amalga oshiriladi.

Mehmonxona va boshqa joylashtirish vositalarida hamda statsionar davolash muassasalarida ro‘yxat «E-mehmon» tizimi orqali rasmiylashtiriladi.

Ijara shartnomasi bo‘lsa

Soliq organlarida hisobga qo‘yilgan uy-joy ijara shartnomasi taqdim etilsa, mulkdorning alohida arizasi yoki roziligi talab qilinmaydi.

Vaqtincha ro‘yxat:

  • mulkdorning arizasida;
  • yoki soliq organida hisobga qo‘yilgan ijara shartnomasida ko‘rsatilgan muddatga,

lekin ko‘pi bilan bir yilga rasmiylashtiriladi.

Ro‘yxat qancha vaqtda rasmiylashtiriladi?

Yashash yoki turgan joy bo‘yicha elektron ariza bir ish kunidan oshmagan muddatda ko‘rib chiqiladi.

Ro‘yxatdan o‘tgan shaxsga elektron yoki qog‘oz shaklda ma’lumotnoma beriladi.

Vaqtincha ro‘yxat muddati tugaganidan keyin shaxs shu manzilda yashashda davom etsa, 10 ish kuni ichida qayta ro‘yxatdan o‘tishi kerak.

Muhim: ro‘yxatdan o‘tkazish shaxsga uy-joyga nisbatan mulk huquqini bermaydi.

Chat