Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 79888 marta o'qildi

Nogironlik pensiyasini qanday qilib qayta hisoblatish mumkin?


Kimlarga tayinlanadi?

Nogironlik pensiyasi qonunchilikda belgilangan tartibda:

  • I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga;
  • Chernobilь AESdagi avariya oqibatida III guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga tayinlanadi.

Nogironlik pensiyasi — mehnat qobiliyati to‘liq yoki qisman yo‘qolgan shaxsga tayinlanadigan davlat pensiyasi.

Ish staji — pensiya tayinlashda hisobga olinadigan mehnat va qonunchilikda belgilangan boshqa faoliyat davrlari.

Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza — shaxsda nogironlik mavjudligi, uning guruhi, sababi va muddatini baholash jarayoni.

Ish staji talab etiladimi?

Mehnatda mayiblanish yoki kasb kasalligi oqibatida nogironlik belgilansa, pensiya ish stajidan qat’i nazar tayinlanadi.

Umumiy kasallik yoki ish bilan bog‘liq bo‘lmagan jarohatda talab etiladigan staj nogironlik boshlangan paytdagi yoshga bog‘liq:

  • 23 yoshga qadar — 2 yil;
  • 23 yoshdan 26 yoshgacha — 3 yil;
  • 26 yoshdan 31 yoshgacha — 5 yil;
  • 31 yoshdan 36 yoshgacha — 7 yil;
  • 36 yoshdan 41 yoshgacha — 9 yil;
  • 41 yoshdan 46 yoshgacha — 11 yil;
  • 46 yoshdan 51 yoshgacha — 14 yil;
  • 51 yoshdan 56 yoshgacha — 17 yil;
  • 56 yosh va undan oshganda — 20 yil.

20 yoshga to‘lmasdan ish davrida yoki ishdan bo‘shagandan keyin nogironlik belgilangan shaxsga pensiya ish stajidan qat’i nazar tayinlanadi.

Talab etiladigan staj etarli bo‘lmasa, pensiya mavjud ish stajiga mutanosib miqdorda tayinlanadi.

Qaerga murojaat qilinadi?

Fuqaro yoki uning qonuniy vakili:

  • yashash yoki turgan joyidagi Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga;
  • istalgan Davlat xizmatlari markaziga;
  • YaIDXP — my.gov.uz orqali murojaat qilishi mumkin.

Zarur ma’lumotlar, birinchi navbatda, davlat axborot tizimlaridan olinadi. Ma’lumotlar etarli bo‘lmasa, murojaatchiga qo‘shimcha hujjatlar taqdim etish haqida xabar beriladi.

Qaysi kundan tayinlanadi?

Agar nogironlik belgilangan kundan boshlab 60 kun ichida murojaat qilinsa, pensiya nogironlik belgilangan kundan tayinlanadi.

60 kunlik muddat o‘tkazib yuborilsa, pensiya, qoida tariqasida, murojaat qilingan kundan tayinlanadi.

Pensiya nogironlik belgilangan butun davr uchun beriladi.

60 yoshdan oshgan erkaklar va 55 yoshdan oshgan ayollarga nogironlik pensiyasi umrbod tayinlanadi. Ular faqat o‘z arizasiga ko‘ra qayta tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Pensiya qanday hisoblanadi?

I va II guruh nogironlik pensiyasining tayanch miqdori pensiyani hisoblash uchun qabul qilinadigan o‘rtacha oylik ish haqining 55 foizi miqdorida belgilanadi, biroq qonunchilikdagi eng kam miqdordan past bo‘lmaydi.

Talab etilganidan ortiq har bir to‘liq ish yili uchun pensiya miqdori oshiriladi.

Pensiya tayinlanganidan keyin kamida bir yil ishlagan I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan shaxsning pensiyasi ish staji va ish haqi hisobga olingan holda har ikki yilda bir marta proaktiv qayta hisoblanadi.

Muhim: nogironlik pensiyasi bilan boshqa davlat pensiyasini bir vaqtda olish huquqi mavjud bo‘lsa, fuqaroga o‘zi tanlagan bitta pensiya tayinlanadi.

Chat