Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 68411 marta o'qildi

Aholini ro‘yxatga olish nima?

Aholini ro‘yxatga olish — belgilangan sanada mamlakat aholisining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy holatiga oid shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish va qayta ishlash jarayoni.

U aholi soni va tarkibi, yashash sharoitlari, bandlik, migratsiya hamda boshqa muhim ko‘rsatkichlar haqida ishonchli statistik ma’lumot olish uchun o‘tkaziladi.

Respondent — aholini ro‘yxatga olish jarayonida o‘zi yoki uy xo‘jaligi haqida ma’lumot beruvchi shaxs.

Ro‘yxatga olish sanasi — aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlar qaysi aniq vaqt holatiga ko‘ra hisobga olinishini belgilovchi sana va soat.

Uy xo‘jaligi — bir turar joyda yashaydigan va kundalik ehtiyojlarini birgalikda ta’minlaydigan shaxslar majmui.

2026-yilgi ro‘yxatga olish

O‘zbekistonda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish 2026-yil 15-yanvardan 28-fevralgacha, 2026-yil 15-yanvarь soat 00:00 holatiga o‘tkazildi.

Ro‘yxatga olish ikki bosqichda tashkil etildi:

  • 15–31-yanvar — maxsus axborot tizimi orqali onlayn;
  • 4–28-fevralь — xodimlar tomonidan uyma-uy yurib, planshet orqali.

Ro‘yxatga olishni tashkil etish bo‘yicha Respublika komissiyasining ishchi organi — O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi.

Qanday ma’lumotlar so‘raladi?

Ro‘yxatga olish savollari, jumladan, quyidagi ma’lumotlarni qamrab oladi:

  • familiya, ism va ota ismi;
  • tug‘ilgan sana va joy;
  • jins, millat va fuqarolik;
  • yashash yoki turgan joy;
  • ma’lumot va tillarni bilish;
  • nikoh holati va bolalar soni;
  • uy xo‘jaligi tarkibi va uy-joy sharoiti;
  • bandlik va yashash uchun mablag‘ manbalari;
  • ichki va tashqi migratsiya.

Fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini buzuvchi yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan sirlarga oid savollarni kiritish mumkin emas.

Respondentning huquqlari

Respondent:

  • ma’lumotlar nima maqsadda yig‘ilayotganini bilish;
  • o‘zi haqida to‘ldirilgan ma’lumotlarni tekshirish;
  • ro‘yxatga oluvchidan xizmat guvohnomasini ko‘rsatishni talab qilish huquqiga ega.

Agar xodim guvohnomasini ko‘rsatmasa, fuqaro savollarga javob bermasligi mumkin.

Respondent ro‘yxatga olish jarayoniga monelik qilmasligi va ishonchli ma’lumot taqdim etishi lozim.

Ma’lumotlar maxfiy saqlanadimi?

Ro‘yxatga olish davomida olingan shaxsga doir ma’lumotlar maxfiy hisoblanadi.

Ular respondentning roziligisiz oshkor qilinishi yoki tarqatilishi mumkin emas. Yakunda faqat umumlashtirilgan statistik ma’lumotlar e’lon qilinadi.

Muhim: ro‘yxatga oluvchi xodim savol berishdan oldin xizmat guvohnomasini ko‘rsatishi va olingan ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlashi shart.

Chat