Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 22781 marta o'qildi

Apostilь qanday hujjatlarga qo‘yiladi?


Apostilь nima uchun kerak?

O‘zbekistonda berilgan diplom, attestat, sertifikat va boshqa ta’lim hujjatidan xorijda foydalanish uchun unga apostilь qo‘yilishi mumkin.

Apostilь hujjatdagi ma’lumotlarni emas, balki uni imzolagan shaxsning imzosi, vakolati hamda muhr yoki shtampning haqiqiyligini tasdiqlaydi.

Apostilь — rasmiy hujjatdan xorijda foydalanish uchun qo‘yiladigan maxsus tasdiq shtampi.

Vakolatli organ — muayyan turdagi hujjatlarga apostilь qo‘yish huquqiga ega davlat organi.

Elektron apostilь — axborot tizimi orqali rasmiylashtiriladigan apostilь.

Qaysi organ apostilь qo‘yadi?

  • maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari hujjatlariga — Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi;
  • o‘rta maxsus, kasbiy, oliy, oliy ta’limdan keyingi ta’lim, qayta tayyorlash va malaka oshirish hujjatlariga — Bilim va malakalarni baholash agentligi apostilь qo‘yadi.

Qanday murojaat qilinadi?

Arizani:

  • Davlat xizmatlari markazi orqali;
  • my.gov.uz portalida elektron shaklda;
  • yoki vakolatli organga an’anaviy tarzda berish mumkin.

Elektron murojaatda so‘rovnomani ERI bilan alohida tasdiqlash talab etilmaydi. Portaldagi shaxsiy avtorizatsiya etarli hisoblanadi.

Ko‘rib chiqish muddati va yig‘im

So‘rovnoma, qoida tariqasida, hujjat taqdim etilgan kundan boshlab 2 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.

Imzo yoki muhr haqiqiyligini qo‘shimcha tekshirish zarur bo‘lsa, muddat 10 ish kunigacha uzaytirilishi mumkin.

Ta’lim hujjatlari bo‘yicha yig‘im:

  • Davlat xizmatlari markazi yoki an’anaviy tartibda — BHMning 20 foizi;
  • YaIDXP orqali murojaat qilinganda — shu yig‘imning 90 foizi miqdorida undiriladi.

Qachon apostilь qo‘yilmaydi?

Quyidagi hollarda rad etiladi:

  • hujjatda sana, raqam, imzo yoki muhr kabi zarur rekvizitlar bo‘lmasa;
  • imzo, muhr yoki shtamp haqiqiy emasligi aniqlansa;
  • hujjatni imzolagan shaxs bunga vakolatli bo‘lmasa.

Rad etish sabablari bartaraf etilsa, hujjatlarni 30 kalendarь kun ichida qayta taqdim etish mumkin.

Muhim: apostilь pasport, ID-karta, harbiy bilet hamda tijorat yoki bojxona operatsiyalariga bevosita bog‘liq hujjatlarga qo‘yilmaydi.

Chat