Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 18171 marta o'qildi

Kimlar murojaat qilishi mumkin?

Xorijiy davlatda ilmiy daraja olgan:

  • O‘zbekiston fuqarolari;
  • O‘zbekistonda doimiy yashab va ishlab turgan chet el fuqarolari;
  • fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar

ilmiy darajasi haqidagi hujjatni O‘zbekistonda tan olish uchun murojaat qilishi mumkin.

Ilmiy darajani tan olish — xorijda olingan ilmiy darajani O‘zbekistonda rasman tasdiqlash.

Nostrifikatsiya — xorijiy ilmiy darajaning O‘zbekistondagi PhD yoki DSc darajasiga tengligini qayd etish.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olish — dissertatsiyani ilmiy ekspertizadan o‘tkazmasdan diplomning ekvivalentligini rasmiylashtirish.

Qaerga murojaat qilinadi?

Murojaat:

  • Davlat xizmatlari markazi;
  • yoki my.gov.uz — Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali beriladi.

Hujjatlarni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi ko‘rib chiqadi.

Qanday hujjatlar kerak?

So‘rovnomaga:

  • ilmiy daraja haqidagi diplomning notarial tasdiqlangan nusxasi;
  • diplom va PhD yoki unga tenglashtirilgan daraja haqidagi hujjatning davlat tiliga notarial tasdiqlangan tarjimasi;
  • dissertatsiya nusxasi;
  • mavjud bo‘lsa, avtoreferat ilova qilinadi.

Boshqa hujjatlarni talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Qachon to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinadi?

Quyidagi ilmiy darajalar ekspertizasiz tan olinishi mumkin:

  • xalqaro shartnoma yoki davlat hujjatlarida nazarda tutilgan maqsadli tayyorlash asosida olingan darajalar;
  • tasdiqlangan xalqaro reytingda fan sohasi bo‘yicha birinchi 300 ta o‘rindan birini egallagan oliy ta’lim tashkilotida olingan PhD yoki DSc darajasi;
  • vazirlik va idoralar yo‘llanmasi yoki «El-yurt umidi» jamg‘armasi orqali maqsadli tayyorlash natijasida olingan darajalar.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinadigan hujjatlar uchun yig‘im undirilmaydi.

Ko‘rib chiqish tartibi

OAK hujjatning haqiqiyligini tekshirish uchun Tashqi ishlar vazirligi orqali xorijiy tashkilotga so‘rov yuboradi.

Dissertatsiya ilmiy ekspertizaga yuborilsa, ekspert kengashi xulosani 20 kun ichida tayyorlaydi. Yakuniy qaror OAK Rayosati majlisida qabul qilinadi.

Qo‘shimcha o‘rganish zarur bo‘lsa, ko‘rib chiqish muddati 30 kungacha uzaytirilishi mumkin.

Qaror ijobiy bo‘lsa, tan olish haqidagi guvohnoma 1 ish kuni ichida elektron shaklda yuboriladi.

Xizmat haqi

Xizmat uchun BHMning 1 baravari miqdorida yig‘im undiriladi.

  • YaIDXP orqali murojaat qilinsa — yig‘imning 90 foizi;
  • Ijtimoiy reestrga kiritilgan shaxslar va I–II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga — 50 foiz chegirma qo‘llaniladi.

Qarordan norozi bo‘lganda

Qaror qabul qilingan kundan boshlab 2 oy ichida OAKka YaIDXP orqali apellyatsiya yoki sudga shikoyat berish mumkin.

Apellyatsiya 1 oy ichida ko‘rib chiqiladi.

Chat