Ijtimoiy sheriklik deganda nima tushuniladi?
Ijtimoiy sheriklik — davlat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini, normativ-huquqiy hujjatlarni hamda fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor boshqa qarorlarni ishlab chiqish va amalga oshirishdagi hamkorligi.
Fuqarolik jamiyati institutlariga, jumladan:
- jamoat birlashmalari;
- boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari;
- fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari;
- ommaviy axborot vositalari kiradi.
Ijtimoiy sheriklik sub’ektlari kimlar?
Ijtimoiy sheriklik sub’ektlari:
- davlat organlari;
- fuqarolik jamiyati institutlari.
Ular qonunchilikda belgilangan shakllarda o‘zaro hamkorlik qiladi.
Ijtimoiy sheriklik qaysi sohalarda amalga oshiriladi?
Ijtimoiy sheriklik, jumladan:
- aholini ijtimoiy muhofaza qilish;
- bandlik, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish;
- atrof-muhit va aholi sog‘lig‘ini muhofaza qilish;
- sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish;
- ta’lim, fan, madaniyat va sport;
- yoshlar, xotin-qizlar, onalik va bolalikni qo‘llab-quvvatlash;
- huquqiy bilim va huquqiy madaniyatni yuksaltirish;
- fuqarolik jamiyati va demokratik huquqiy davlat asoslarini mustahkamlash;
- millatlararo, madaniyatlararo va fuqarolar totuvligini ta’minlash;
- iste’molchilar huquqlarini himoya qilish;
- korruptsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish kabi sohalarda amalga oshirilishi mumkin.
Qonunchilikka muvofiq boshqa sohalarda ham ijtimoiy sheriklik amalga oshirilishi mumkin.
Ijtimoiy sheriklik qanday shakllarda amalga oshiriladi?
Asosiy shakllarga:
- ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etish;
- normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etish;
- davlat organlari huzuridagi ishchi guruhlar, komissiyalar va jamoatchilik-maslahat organlarida ishtirok etish;
- qo‘shma tadbirlar o‘tkazish, maslahatlashuv va muzokaralar olib borish;
- bitimlar va shartnomalar tuzish, qo‘shma loyiha va rejalar ishlab chiqish;
- o‘zaro axborot almashish va qo‘llab-quvvatlash kiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Qonuni, 25.09.2014-yildagi O‘RQ-376-son