Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 14007 marta o'qildi

Uyni og‘zaki kelishuv bilan ijaraga oldim. Keyin muammo chiqsa nima bo‘ladi?

Uy-joyni ijaraga berish shartnomasi yozma shaklda tuzilishi shart. Fuqarolar o‘rtasida tuzilgan shartnoma davlat soliq organida ham hisobga qo‘yilishi lozim.

Shartnomani soliq organida hisobga qo‘yish ijaraga beruvchining majburiyati bo‘lib, u shartnoma tuzilgan kundan boshlab 3 kundan kechiktirmay amalga oshirilishi kerak. Shartnomani hisobga qo‘yish uchun to‘lov undirilmaydi.

Masalan, xonadon egasi bilan faqat og‘zaki «oyiga 3 million so‘mdan turasiz» deb kelishilgan bo‘lsa, keyinchalik:

  • ijara haqi qancha ekani;
  • qancha muddatga ijaraga berilgani;
  • kommunal to‘lovlarni kim to‘lashi;
  • uyni qachon bo‘shatish kerakligi yuzasidan nizo chiqishi mumkin. Shu sabab munosabatlarni yozma shartnoma bilan rasmiylashtirish muhim.

Fuqarolar o‘rtasida turar joyni ijara shartnomasisiz berish yoki shartnomani davlat soliq organida majburiy hisobga qo‘yish talabiga rioya qilmaslik 5 BHMdan 10 BHMgacha jarima solinishiga sabab bo‘ladi.

Uy egasi shartnomadagi ijara haqini o‘z xohishi bilan oshirdi. Bu mumkinmi?

Masalan, shartnomada oylik ijara haqi 3 000 000 so‘m deb belgilangan, ammo uy egasi bir necha oydan keyin uni bir tomonlama 4 000 000 so‘mga oshirishni talab qildi.

Umumiy qoidaga ko‘ra, ijara haqi miqdori taraflarning o‘zaro kelishuvi bilan shartnomada belgilanadi va qonun yoki shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, uni bir tomonlama o‘zgartirish mumkin emas.

Demak, shartnomada narxni o‘zgartirishning alohida mexanizmi belgilanmagan bo‘lsa, ijaraga beruvchi faqat o‘z xohishi bilan yangi miqdorni majburiy tarzda belgilay olmaydi.

Nizoni kelishuv bilan hal qilish imkoni bo‘lmasa, ijaraga oluvchi o‘z huquqlarini sud tartibida himoya qilishi mumkin.

Bir yildan beri ijarada turaman. Uy egasi 10 kunda uyni bo‘shatishimni talab qilyapti. Chiqib ketishim shartmi?

Faqat uy egasi «10 kunda chiqib keting» degani bilan amaldagi ijara shartnomasi avtomatik ravishda bekor bo‘lmaydi.

Uy-joy ijara shartnomasi taraflarning kelishuvi bilan bekor qilinishi mumkin. Ijaraga beruvchining talabi bilan majburiy bekor qilish esa qonunda belgilangan asoslar mavjud bo‘lganda sud tartibida amalga oshiriladi.

Masalan, ijaraga beruvchi sud orqali shartnomani bekor qilishni talab qilishi mumkin, agar:

  • shartnomada uzoqroq muddat belgilanmagan bo‘lsa, ijara haqi 6 oy mobaynida to‘lanmagan bo‘lsa;
  • qisqa muddatli ijarada to‘lov 2-martadan ko‘proq amalga oshirilmagan bo‘lsa;
  • uy-joy vayron qilingan yoki unga putur etkazilgan bo‘lsa;
  • uy-joydan g‘ayrihuquqiy qilmishlar uchun foydalanilgan bo‘lsa.

Shu sabab qonundagi yoki shartnomadagi asos mavjud bo‘lmasa, ijaraga oluvchini faqat og‘zaki talab bilan majburan chiqarish to‘g‘ri emas.

Bir necha oyga boshqa viloyatga ketaman. Ijaradagi uyni boshqa odamga bersam bo‘ladimi?

Ha, lekin buning uchun ijaraga beruvchining roziligi kerak.

Ijaraga oluvchi o‘zi ijaraga olgan uy-joyning hammasini yoki bir qismini muayyan muddatga boshqa shaxsga ikkilamchi ijaraga berishi mumkin. Ikkilamchi ijara haq evaziga amalga oshiriladi.

Bunda:

  • asosiy ijaraga beruvchi oldida javobgarlik asosiy ijaraga oluvchida qoladi;
  • ikkilamchi ijara muddati asosiy shartnoma muddatidan uzoq bo‘lishi mumkin emas;
  • asosiy ijara shartnomasi muddatidan oldin bekor qilinsa, ikkilamchi ijara ham tugaydi.

Eslatma: agar asosiy shartnoma 1 yilgacha bo‘lgan qisqa muddatli ijara bo‘lsa, ikkilamchi ijaraga oid maxsus qoidalar, shartnomada boshqacha belgilanmagan bo‘lsa, avtomatik tatbiq etilmaydi.

Men ijarada turgan kvartirani uy egasi boshqa odamga sotdi. Darhol chiqib ketishim kerakmi?

Yo‘q. Uy-joyga mulk huquqining boshqa shaxsga o‘tishi amaldagi ijara shartnomasining o‘z-o‘zidan bekor bo‘lishiga olib kelmaydi.

Yangi mulkdor avval tuzilgan ijara shartnomasi shartlari bo‘yicha yangi ijaraga beruvchiga aylanadi.

Masalan, shartnoma yana 8 oy amal qilishi kerak bo‘lsa, kvartira sotilganining o‘zi ijaraga oluvchini shu kunning o‘zida uyni bo‘shatishga majbur qilmaydi.

Shartnomani rasmiylashtirayotganda vaqtincha ro‘yxatni ham hal qilish mumkinmi?

Ha. Turar joy egasi ijara shartnomasini soliq organida hisobga qo‘yayotganda shartnomada ko‘rsatilgan ijaraga oluvchini shartnoma muddatiga vaqtincha ro‘yxatga qo‘yish uchun so‘rov yuborishi mumkin.

Shartnoma muddati tugasa yoki muddatidan oldin bekor qilinsa, ushbu shartnoma asosidagi vaqtincha ro‘yxat ham avtomatik ravishda bekor qilinadi.

Eslatma: og‘zaki kelishuvga ishonib qolmasdan, ijara haqi, muddat, kommunal to‘lovlar va uy-joyni qaytarish shartlarini yozma shartnomada aniq belgilash keyingi nizolarning oldini oladi.

Chat