Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 28342 marta o'qildi

O‘zbekistonga qancha tovarni bojsiz olib kirish mumkin?

Jismoniy shaxs shaxsiy va oilaviy ehtiyojlari uchun notijorat maqsadlarda tovar olib kirganda quyidagi bojsiz normalar qo‘llaniladi:

  • havo transporti orqali — 1 000 AQSh dollarigacha;
  • temir yo‘l va daryo transporti orqali — 500 AQSh dollarigacha;
  • avtomobilь yoki piyoda o‘tkazish punktlari orqali — 300 AQSh dollarigacha;
  • xalqaro kurьerlik jo‘natmalari orqali — 200 AQSh dollarigacha;
  • xalqaro pochta jo‘natmalari orqali — 100 AQSh dollarigacha.

Biroq temir yo‘l, daryo yoki avtomobilь orqali kirib kelayotgan shaxs xorijda 2 kalendarь kundan kam, havo transporti orqali kelayotgan shaxs esa 3 kalendarь kundan kam bo‘lgan bo‘lsa yoki bir kalendarь oyda xorijga 3 va undan ortiq marta chiqqan bo‘lsa, bojsiz norma qo‘llanilmaydi. Bunday holda tovarning to‘liq qiymatidan yagona bojxona to‘lovi undiriladi.

Ayrim tovarlar uchun qanday miqdoriy normalar bor?

Bojsiz olib kirishda ayrim tovarlar uchun alohida miqdoriy cheklovlar belgilangan. Jumladan:

  • alkogolь mahsulotlari, shu jumladan pivo — 2 litr;
  • tamaki mahsulotlaridan faqat bir turi: sigaret — 200 dona, sigara — 5 dona yoki tamaki — 100 gramm;
  • atir va ifor tarqatuvchi suvlar — 3 dona, 300 mldan oshmagan miqdorda;
  • biologik faol qo‘shimchalar — 10 ta turli nomda, umumiy og‘irligi 3 kgdan, har bir nomi esa 1 qadoqdan oshmagan miqdorda.

Alkogolь va tamaki mahsulotlarini 21 yoshga to‘lmagan shaxslar tomonidan, shuningdek xalqaro pochta va kurьerlik jo‘natmalari orqali olib kirish taqiqlangan.

Mobil qurilmani deklaratsiya qilish kerakmi?

O‘zbekistonga olib kirilayotgan mobil qurilma bojsiz olib kirish normasidan qat’i nazar yozma ravishda deklaratsiya qilinishi lozim. O‘zbekiston hududida sotib olingan va xalqaro identifikatsiya kodi bo‘yicha tegishli tizim operatori bazasida oldindan ro‘yxatga olingan mobil qurilmalar bundan mustasno.

O‘zbekistondan qancha tovar olib chiqish mumkin?

Jismoniy shaxslar umumiy qiymati 5 000 AQSh dollari ekvivalentigacha bo‘lgan tovarlarni yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini taqdim etmasdan respublikadan olib chiqishi mumkin. Eksport bojxona boji belgilangan tovarlar bundan mustasno.

Ayrim oziq-ovqat mahsulotlari uchun alohida miqdoriy normalar mavjud: guruch — 3 kg, non-bulka mahsulotlari — 5 kg, go‘sht va go‘sht mahsulotlari — 2 kg, shakar — 2 kg, o‘simlik yog‘i — 2 kg, yangi va quritilgan meva-sabzavotlar hamda tegishli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari — jami 40 kggacha.

Naqd valyutani olib kirish va olib chiqish tartibi qanday?

O‘zbekistonga naqd milliy va chet el valyutasini cheklanmagan miqdorda olib kirish mumkin. 100 mln so‘m ekvivalentidan ortiq naqd valyuta yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilishi kerak.

Jismoniy shaxs 100 mln so‘m ekvivalentigacha bo‘lgan naqd valyutani O‘zbekistondan cheklovsiz olib chiqishi mumkin. Bundan ortiq miqdorni olib chiqishga faqat qonunchilikda belgilangan alohida hollarda yo‘l qo‘yiladi.

Avtomobilni vaqtincha olib kirish yoki olib chiqish mumkinmi?

Chet ellik jismoniy shaxs chet davlatda ro‘yxatdan o‘tgan transport vositasini O‘zbekistonga notijorat maqsadlarda vaqtincha olib kirishi mumkin. Bunday transport vositasining O‘zbekiston bojxona hududida turishining umumiy muddati kalendarь yil davomida 90 kalendarь kundan oshmasligi kerak; undan ortiq muddat uchun belgilangan yig‘im to‘lanadi.

O‘zbekiston jismoniy shaxsi esa notijorat maqsadda foydalanadigan transport vositasini xorijda vaqtincha bo‘lish muddatiga olib chiqish huquqiga ega. Uni vaqtincha olib chiqish va qaytarib olib kirishda bojxona to‘lovlari undirilmaydi.

Chat