Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 33329 marta o'qildi

Nogironlik kim tomonidan belgilanadi?

Fuqaroni nogironligi bo‘lgan shaxs, 18 yoshgacha bo‘lgan bolani esa nogironligi bo‘lgan bola deb topish tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi.

Shaxs tibbiy-ijtimoiy ekspertizaga, qoida tariqasida, davlat tibbiyot muassasasi tomonidan yuboriladi.

Tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, tibbiyot tashkilotlari nogironlik belgilari aniq ko‘rinib turgan shaxslarni klinik-funktsional ma’lumotlarni olishga doir qo‘shimcha tekshiruvlarsiz tibbiy-ijtimoiy ekspertizaga yuborishi mumkin.

Ekspertiza qaerda o‘tkaziladi?

Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiya majlisida o‘tkaziladi.

Agar shaxs sog‘lig‘i tufayli komissiyaga borish imkoniyatiga ega bo‘lmasa va bu tibbiyot muassasasining xulosasi bilan tasdiqlansa, ekspertiza shaxsning xohishiga ko‘ra:

  • uning uyida;
  • yoki u davolanayotgan statsionarda o‘tkazilishi mumkin.

Ekspertiza qancha muddatda o‘tkaziladi?

Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi tekshiruvni tibbiy hujjatlar qabul qilingan kundan e’tiboran 20 kalendarь kundan kechiktirmay o‘tkazadi.

Shaxs tekshiruv o‘tkaziladigan kun to‘g‘risida hujjatlar qabul qilingan kundan boshlab 2 ish kuni ichida xabardor qilinadi.

Nogironlik aniqlansa, fuqaro tibbiy hujjatlar komissiya tomonidan qabul qilingan sanadan boshlab nogironligi bo‘lgan shaxs deb e’tirof etiladi.

Ekspertiza natijasida nima belgilanadi?

Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza natijasida:

  • nogironlik guruhi;
  • nogironlikning sababi;
  • nogironlik belgilangan muddat;
  • zarur mehnat sharoitlari;
  • o‘zgalar parvarishiga ehtiyoj;
  • reabilitatsiya va ijtimoiy himoya choralari belgilanadi.

18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga qayta tekshiruvdan o‘tish muddati ko‘rsatilgan holda «Nogironligi bo‘lgan bolalar» toifasi belgilanadi.

Barqaror va qaytarib bo‘lmaydigan o‘zgarishlar mavjud bo‘lgan ayrim kasalliklar va anatomik nuqsonlarda nogironlik qayta tekshiruv muddati ko‘rsatilmasdan belgilanishi mumkin.

Ijtimoiy yordamning qanday turlari mavjud?

Nogironligi bo‘lgan shaxslarga quyidagi turdagi ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi:

  • pensiyalar, nafaqalar va bir yo‘la beriladigan pul to‘lovlari;
  • o‘rindiqli aravachalar, protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning boshqa texnik vositalari;
  • surdotexnika va tiflotexnika vositalari;
  • tibbiy, ijtimoiy, kasbiy va jismoniy reabilitatsiya xizmatlari;
  • maishiy va transport xizmatlari;
  • dori vositalari bilan ta’minlash.

Ijtimoiy yordam davlat organlari va tashkilotlari tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘rsatiladi.

Doimiy parvarishga muhtoj shaxslarga xizmatlar

O‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish qobiliyatini qisman yoki to‘liq yo‘qotgan va o‘zgalarning doimiy parvarishiga muhtoj bo‘lgan shaxslarga:

  • uyida;
  • yoki ixtisoslashtirilgan statsionar muassasalarda

ijtimoiy va maishiy xizmatlar ko‘rsatiladi.

Ixtisoslashtirilgan muassasalarda hayot kechirish uchun zarur sharoitlar yaratiladi, tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi, shuningdek mehnat faoliyati va dam olish tashkil etiladi.

Qo‘shimcha kafolatlar

Ish beruvchining aybi bilan mehnatda mayib bo‘lgan yoki kasb kasalligiga chalingan nogironligi bo‘lgan shaxslar tibbiy ko‘rsatmalar asosida ish beruvchining mablag‘lari hisobidan reabilitatsiya qilishning texnik vositalari va maxsus transport vositalari bilan ta’minlanadi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qo‘shimcha ijtimoiy kafolatlar belgilashi mumkin.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda:

  • bepul sanatoriy-kurortda sog‘lomlashtirish;
  • dori vositalari;
  • parvarish uchun tibbiy buyumlar;
  • nogironligi bo‘lgan bolalar uchun maxsus shifobaxsh oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanish huquqiga ega.
Chat