Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 12549 marta o'qildi

Sovg‘a nima?

Davlat fuqarolik xizmatchisiga yoki uning oila a’zolariga bepul berilgan, moddiy qimmatga ega mol-mulk yoki beg‘araz ko‘rsatilgan xizmat sovg‘a hisoblanadi.

Davlat fuqarolik xizmatchisining oila a’zolariga xalqaro yoki boshqa rasmiy tadbir munosabati bilan berilgan sovg‘a ham xizmatchining o‘ziga berilgan sovg‘a sifatida baholanadi.

Qanday sovg‘alarni olish taqiqlanadi?

Davlat fuqarolik xizmatchisining o‘z xizmat vakolatlarini jismoniy yoki yuridik shaxs manfaati uchun bajarishi yoxud bajarmasligi evaziga:

  • pul;
  • mol-mulk;
  • xizmat;
  • imtiyoz;
  • boshqa har qanday mukofot, foyda yoki sovg‘ani olishi taqiqlanadi.

Davlat fuqarolik xizmatchisi o‘zi yoki boshqa shaxslar uchun sovg‘a berishni so‘rashi yoki talab qilishi ham mumkin emas.

Qaysi sovg‘alarga ruxsat beriladi?

Quyidagi sovg‘alarni olishga ruxsat etiladi:

  • alohida xizmatlari uchun davlat organining tegishli qarori asosida berilgan sovg‘alar;
  • musobaqa va tanlovlarda erishilgan yutuqlar uchun berilgan sovg‘alar;
  • davlat bayramlari, nishonlanadigan sanalar va rasmiy tadbirlarda mukofotlash natijasida olingan sovg‘alar;
  • chet davlatlardagi xizmat safarlari vaqtida;
  • O‘zbekistonda yoki xorijda o‘tkaziladigan xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan berilgan sovg‘alar.

O‘zbekiston hududida o‘tkaziladigan xalqaro yoki boshqa rasmiy tadbir bilan bog‘liq bo‘lmagan oddiy xizmat safari vaqtida sovg‘a olish taqiqlanadi.

Rasmiy tadbirdagi sovg‘a qanday talablarga javob berishi kerak?

Sovg‘a:

  • qonunchilik va davlat organining ichki hujjatlariga muvofiq bo‘lishi;
  • muayyan xalqaro yoki rasmiy tadbir munosabati bilan ixtiyoriy berilgan bo‘lishi;
  • ochiq va oshkora qabul qilinishi;
  • davlat organining obro‘siga putur etkazmasligi;
  • manfaatlar to‘qnashuvi yoki korruptsiyaviy xavf tug‘dirmasligi;
  • xizmatchining xolis qaror qabul qilishiga ta’sir etuvchi majburiyatni yuzaga keltirmasligi kerak.

Ushbu shartlarga javob bermaydigan sovg‘a qabul qilinmasligi lozim.

Sovg‘a qachon topshiriladi?

Xalqaro yoki boshqa rasmiy tadbirda olingan sovg‘a xizmatchi tadbirdan qaytgan kundan boshlab 3 ish kuni ichida davlat organining mas’ul bo‘linmasiga topshiriladi.

Sovg‘aning qiymatini tasdiqlovchi chek, kvitantsiya yoki boshqa hujjat mavjud bo‘lsa, u ham sovg‘a bilan birga taqdim etiladi.

Sovg‘a topshirilganida:

  • topshirish va qabul qilish dalolatnomasi tuziladi;
  • sovg‘a Sovg‘alar reestriga kiritiladi;
  • dalolatnomaning bir nusxasi davlat fuqarolik xizmatchisiga beriladi.

Sovg‘a topshirilgunga va dalolatnoma rasmiylashtirilgunga qadar uning butligi va saqlanishi uchun davlat fuqarolik xizmatchisi javobgar bo‘ladi.

Sovg‘aning qiymati qanday aniqlanadi?

Sovg‘aning qiymatini tasdiqlovchi hujjat mavjud bo‘lmasa, uning bozor qiymati davlat organining mas’ul bo‘linmasi tomonidan:

  • savdo do‘konlari;
  • internet;
  • boshqa ochiq manbalardagi narxlarni o‘rganish orqali aniqlanadi.

Natijada sovg‘aning o‘rtacha qiymati belgilanib, bu haqda bayonnoma rasmiylashtiriladi.

Sovg‘a xizmatchining o‘zida qolishi mumkinmi?

Agar sovg‘aning qiymati BHMning 4 baravariga teng yoki undan kam bo‘lsa, sovg‘a davlat fuqarolik xizmatchisida qoldiriladi. U sovg‘ani o‘z xohishiga ko‘ra tasarruf etishi mumkin.

Bunda sovg‘ani xizmatchiga topshirish to‘g‘risida alohida dalolatnoma rasmiylashtiriladi.

Agar sovg‘aning qiymati BHMning 4 baravaridan ortiq bo‘lsa, u davlat organining balansiga kirim qilinadi va davlat organi ehtiyojlari uchun foydalanilishi mumkin.

Qaysi sovg‘alar rasmiylashtirilmaydi?

Quyidagilar sovg‘a sifatida rasmiylashtirilmaydi va xizmatchi tomonidan o‘z xohishiga ko‘ra tasarruf etiladi:

  • tabiiy guldastalar;
  • donalik shirinliklar;
  • taqvim;
  • buklet;
  • plastmassali ruchka;
  • kundalik;
  • bloknot kabi kantselyariya to‘plamlari.

Mehmondo‘stlik taklifini qabul qilish mumkinmi?

Davlat fuqarolik xizmatchisi xalqaro yoki boshqa rasmiy tadbir munosabati bilan:

  • nonushta;
  • kofe-breyk;
  • tushlik;
  • kechki ovqat;
  • ommaviy-madaniy yoki kontsert-tomosha tadbiriga mehmondo‘stlik belgisi sifatida bildirilgan taklifni qabul qilishi mumkin.

Agar taklifning beg‘arazligiga shubha tug‘ilsa, xizmatchi uni darhol rad etishi va bu haqda davlat organining korruptsiyaga qarshi kurashish bo‘linmasini xabardor qilishi shart.

Chat