Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 13299 marta o'qildi

Kimlar saylovda ishtirok etishi mumkin?

Fuqarolar yig‘ini raisi saylovida ishtirok etish ixtiyoriy va erkin. Hech kim fuqaroni saylovda ishtirok etishga yoki ishtirok etmaslikka majbur qilishi, uning xohish-irodasini erkin bildirishiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin emas.

Saylov kuni 18 yoshga to‘lgan va tegishli mahalla, shaharcha, qishloq yoki ovul hududida doimiy yashayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari raisni saylash huquqiga ega. Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar saylovda ishtirok etmaydi.

Raislikka nomzodga qanday talablar qo‘yiladi?

Raislikka nomzod:

  • O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lishi;
  • qoida tariqasida, oliy ma’lumotga ega bo‘lishi;
  • saylovga qadar kamida 5 yil tegishli hududda doimiy yashagan bo‘lishi;
  • tashkilotchilik qobiliyati, tegishli ish va hayotiy tajribaga;
  • aholi o‘rtasida obro‘-e’tiborga ega bo‘lishi kerak.

Muomalaga layoqatsiz deb topilgan, og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat uchun sudlanganligi tugallanmagan yoki olib tashlanmagan, ozodlikdan mahrum etish joyida saqlanayotgan, haqiqiy harbiy xizmatdagi shaxslar hamda diniy tashkilotlarning professional xizmatchilari nomzod etib ko‘rsatilmaydi.

Saylov qanday tashkil etiladi?

Saylovni o‘tkazish muddatlari saylov boshlanishidan kamida 2 oy oldin Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan belgilanadi.

Har bir fuqarolar yig‘inida saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish uchun ishchi guruh faoliyat yuritadi. U yig‘inning sana, vaqt va joyini belgilab, aholini bu haqda kamida 5 kun oldin xabardor qiladi. Kelishilgan nomzodlar haqidagi axborot ham saylovdan kamida 5 kun oldin fuqarolar yig‘ini binosi va guzarlarda e’lon qilinadi.

Ovoz berish va natija qanday aniqlanadi?

Fuqarolar yig‘ini raisi yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylanadi. Byulletenda nomzodlar familiyasi, ismi va otasining ismi alifbo tartibida ko‘rsatiladi.

Ovoz berishda ishtirok etgan fuqarolarning yarmidan ko‘prog‘ining ovozini olgan nomzod saylangan hisoblanadi. Agar zarur miqdorda ovoz olinmasa, qonunda belgilangan hollarda takroriy ovoz berish yoki takroriy saylov o‘tkaziladi.

Rais 5 yil muddatga saylanadi. Saylov natijalari bo‘yicha fuqarolar yig‘inining qarori ustidan sudga shikoyat qilish mumkin.

Chat