Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 21548 marta o'qildi

Kimlar kasbga o‘qitilishi mumkin?

Davlat buyurtmasi mehnat bozorining joriy va kelgusi ehtiyojlaridan kelib chiqib shakllantiriladi. Xotin-qizlar quyidagi hollarda kasbga o‘qitilishi mumkin:

  • kasbi yoki mutaxassisligi mavjud bo‘lmasa;
  • mavjud kasbi bo‘yicha maqbul ish topilmagani sababli kasbini o‘zgartirish zarur bo‘lsa;
  • kasbiy ko‘nikmalari etarli bo‘lmasa yoki kasbiga qo‘yiladigan talablar o‘zgargani sababli malakasini oshirishi kerak bo‘lsa;
  • avvalgi kasbi bo‘yicha ish bajarish qobiliyatini yo‘qotgan bo‘lsa.

Qaerda kasbga o‘qish mumkin?

Kasbga o‘qitish:

  • davlat kasb-hunarga o‘qitish markazlari va mahallalardagi o‘quv maskanlarida;
  • professional ta’lim muassasalaridagi qisqa muddatli kurslarda;
  • belgilangan talablarga javob beradigan nodavlat kasb-hunarga o‘qitish tashkilotlarida amalga oshiriladi.

Davlat buyurtmasi hududlardagi ish beruvchilarning malakali kadrlarga ehtiyoji va kasbga o‘qish istagidagi xotin-qizlarning talabidan kelib chiqib yiliga ikki marta shakllantiriladi.

O‘qish tugagach qanday hujjat beriladi?

Kasbga o‘qishni tugatgan xotin-qizlarning malaka darajasi tegishli malaka baholash markazlarida baholanadi.

Baholashdan muvaffaqiyatli o‘tgan shaxslarga 10 kun ichida malaka sertifikati beriladi. Nodavlat ta’lim tashkilotida o‘qigan xotin-qiz ham malakasini baholatish uchun belgilangan tartibda mustaqil murojaat qilishi mumkin.

O‘qish xarajatlari qanday moliyalashtiriladi?

Xotin-qizlarni kasbga o‘qitish bilan bog‘liq xarajatlar Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi va ushbu maqsadlar uchun ajratilgan boshqa mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi.

Nodavlat ta’lim tashkilotlarida kursni tamomlagan har bir xotin-qiz uchun kasbga o‘qitishga sarflangan xarajatlarning 70 foizi, biroq 4 BHMdan oshmagan qismi davlat tomonidan qoplab beriladi.

Eslatma: davlat buyurtmasi mehnat bozori ehtiyojidan kelib chiqib shakllantiriladi. Shu sabab o‘qitiladigan kasblar va o‘rinlar soni hudud va davrga qarab farq qilishi mumkin.

Chat