Kimlar imtiyozli dori vositalarini olishi mumkin?
Ambulatoriya sharoitida quyidagi shaxslar dori vositalari bilan imtiyozli ta’minlanadi:
- onkologik kasalliklarga chalinganlar;
- sil va moxov kasalligiga chalinganlar;
- qandli yoki qandsiz diabet kabi endokrinologik kasalliklarga chalinganlar;
- ruhiy kasalliklarga chalinganlar;
- OIV infektsiyasini yuqtirganlar;
- yurak klapani protezlangan yoki organ ko‘chirib o‘tkazilgan shaxslar;
- dasturli gemodializ oluvchi bemorlar;
- o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz pensionerlar;
- 1941–1945-yillardagi urush oqibatida nogironligi bo‘lgan shaxslar, urush qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan shaxslar;
- 1941–1945-yillardagi mehnat fronti qatnashchilari;
- Chernobilь AESi halokati oqibatlarini bartaraf etishda qatnashgan nogironligi bo‘lgan shaxslar;
- baynalmilalchi jangchilar;
- harbiy xizmatni yadro poligonlari va boshqa radiatsiya-yadro ob’ektlarida o‘tagan pensiya yoshidagi shaxslar.
Dori vositalari qanday beriladi?
Imtiyozli dori vositalari bemor ambulatoriya tartibida davolanayotgan davlat tibbiyot muassasasida davolovchi shifokorning tayinlovi asosida bepul beriladi.
Dorilar:
- ambulatoriya-poliklinika muassasasi orqali;
- yoki belgilangan dorixona orqali taqdim etilishi mumkin.
Qaysi dori vositalari beriladi?
Bepul beriladigan dori vositalari kasallik turi bo‘yicha tasdiqlangan maxsus ro‘yxatdan olinadi.
Ro‘yxatda dorining:
- xalqaro patentlanmagan nomi;
- shakli;
- dozasi ko‘rsatilgan. Shifokor bemorning tashxisi va tibbiy ko‘rsatmalaridan kelib chiqib, shu ro‘yxatdagi dori vositasini tayinlaydi.
Muhim
Imtiyoz shaxsga istalgan dori vositasini tanlab olish huquqini bermaydi. Faqat amaldagi rasmiy ro‘yxatga kiritilgan va shifokor tomonidan tayinlangan dorilar bepul beriladi.