Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 27206 marta o'qildi

Imtiyoz kimlarga tatbiq etiladi?

Qonunchilikda belgilangan imtiyozli toifadagi shaxslarga yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatuvchi tibbiyot tashkilotlarida Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan tibbiy yordam ko‘rsatiladi.

Imtiyoz quyidagi shaxslarga tatbiq etiladi:

  • bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslar;
  • etim bolalar;
  • I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar;
  • 1941–1945-yillardagi urush oqibatida nogiron bo‘lgan shaxslar va urush qatnashchilari, shuningdek, ularga tenglashtirilgan shaxslar;
  • yoshga oid pensiyaga chiqqan ishlamaydigan shaxslar;
  • ayrim harbiylashtirilgan va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tizimida xizmat davri bo‘yicha pensiyaga chiqqan ishlamaydigan shaxslar;
  • 1941–1945-yillardagi urush davrida mehnat jabhasida qatnashgan shaxslar;
  • Chernobilь AESi falokatini tugatishda ishtirok etgan va yadro poligonida harbiy xizmatni o‘tagan shaxslar;
  • baynalmilalchi-jangchilar;
  • Ijtimoiy reestrga kiritilgan oilalarning a’zolari;
  • oylik daromadi oilaning har bir a’zosiga hisoblaganda minimal iste’mol xarajatlarining ikki baravaridan oshmaydigan oilalar a’zolari;
  • Sog‘liqni saqlash vazirligi tasdiqlaydigan ro‘yxat bo‘yicha 18 yoshga to‘lmagan patologiyali bolalar;
  • chaqiruv komissiyalarining yo‘llanmalari bo‘yicha 18 yoshdan 27 yoshgacha bo‘lgan chaqiruv yoshidagi shaxslar;
  • Sog‘liqni saqlash vazirligi tasdiqlaydigan ro‘yxat bo‘yicha patologiyali homilador ayollar;
  • endokrin kasalliklariga chalingan bemorlar;
  • jinsiy yo‘l bilan yuqtiriladigan kasalliklarga chalingan shaxslar;
  • sil kasalligiga chalingan shaxslar;
  • onkologiya kasalliklariga chalingan shaxslar;
  • dasturli gemodializ oluvchi bemorlar;
  • Vatan himoyasi va el-yurt tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan ayrim harbiy xizmatchilar va xodimlarning oila a’zolari;
  • Sog‘liqni saqlash vazirligi tasdiqlaydigan ro‘yxat bo‘yicha gematologiya kasalliklariga chalingan shaxslar.

Ayrim kasalliklar bo‘yicha tibbiy yordam qaerda ko‘rsatiladi?

Patologiyali homilador ayollarga tibbiy yordam Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Respublika perinatal markazida ko‘rsatiladi.

Tegishli ro‘yxatga kiritilgan:

  • endokrin kasalliklariga chalingan bemorlarga — Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida;
  • jinsiy yo‘l bilan yuqtiriladigan kasalliklarga chalingan shaxslarga — Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida;
  • sil kasalligiga chalingan shaxslarga — Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulьmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida;
  • onkologiya kasalliklariga chalingan shaxslarga — Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida;
  • gematologiya kasalliklariga chalingan shaxslarga — Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida tibbiy yordam ko‘rsatiladi.

Imtiyozli yo‘llanma qanday olinadi?

Bemor dastlab o‘zi biriktirilgan oilaviy shifokor punkti, oilaviy poliklinika yoki tegishli idoraviy tibbiyot muassasasiga murojaat qiladi.

Tibbiy ko‘rsatmalar mavjud bo‘lsa, bemorning hujjatlari va tibbiy ma’lumotlari belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi. Hududiy yoki respublika darajasida statsionar davolanish zarurati tibbiy-tanlov komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.

Yo‘llanma elektron axborot tizimi orqali rasmiylashtiriladi. Bemor Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan shartnoma tuzgan, tegishli tibbiy xizmatni ko‘rsatish vakolatiga ega davlat yoki nodavlat tibbiyot tashkilotini tanlashi mumkin.

Imtiyoz avtomatik ravishda bepul davolanish huquqini beradimi?

Imtiyozli toifaga kirish bemorga istalgan tibbiyot tashkilotiga yo‘llanmasiz murojaat qilib, bepul davolanish huquqini bermaydi.

Tibbiy yordamning davlat mablag‘lari hisobidan ko‘rsatilishi uchun:

  • bemorda tegishli tibbiy ko‘rsatma bo‘lishi;
  • kasallik belgilangan ro‘yxatga muvofiq bo‘lishi;
  • zarur hollarda tibbiy-tanlov komissiyasining xulosasi olinishi;
  • elektron yo‘llanma rasmiylashtirilishi kerak.

Bemor tibbiyot tashkilotiga tegishli yo‘llanmasiz bevosita murojaat qilsa, tibbiy yordam pulli asosda ko‘rsatiladi.

Shoshilinch va kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam talab etiladigan holatlar bundan mustasno.

Chat