Ovqatlanish uchun kimlar haq to‘lamaydi?
Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi turg‘un davolash-profilaktika muassasalarida quyidagi shaxslar ovqatlanish uchun haq to‘lashdan ozod qilinadi:
- I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar;
- bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda ularga g‘amxo‘rlik qiluvchi shaxslar — ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar;
- 1941–1945-yillardagi urush oqibatida nogironligi bo‘lgan shaxslar va urush qatnashchilari, shuningdek, ularga tenglashtirilgan shaxslar;
- Chernobilь AESidagi halokat oqibatlarini bartaraf etishda qatnashish natijasida nogironligi bo‘lgan shaxslar;
- 1941–1945-yillardagi urush yillari mehnat fronti qatnashchilari;
- baynalmilalchi jangchilar;
- chin etimlar;
- vakolatli organlarda hisobda turuvchi yolg‘iz pensionerlar;
- 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar, shuningdek, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilari;
- chaqiriq komissiyalari xulosasi asosida mudofaa ishlari bo‘limlarining yo‘llanmasi bo‘yicha 18 yoshdan 27 yoshgacha bo‘lgan chaqiriq yoshidagi shaxslar;
- «O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori» ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslar;
- 1 yoshgacha bolasi bo‘lgan emizikli onalar;
- Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazida davolanayotgan bolalarga qarovchi shaxslar — ota-onasi va boshqa shaxslar.
Qaysi kasalliklarda ovqatlanish bepul?
Quyidagi kasallik va holatlarda bemorlar ovqatlanish uchun haq to‘lashdan ozod qilinadi:
- OIV infektsiyasini yuqtirganlar (OITS);
- onkologik kasalliklar;
- ruhiy kasalliklar;
- yuqumli kasalliklar;
- giyohvandlik kasalliklari;
- endokrinologik kasalliklar;
- nurlanish kasalligi;
- moxov kasalligi;
- sifilis;
- sil kasalligi;
- shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishda reanimatsiya tadbirlari va intensiv terapiyani talab qiluvchi kasalliklar va holatlar;
- darajasidan qat’i nazar, kamqonlik kasalligiga chalingan homilador ayollar va tuqqan ayollar.
Ovqatlanish uchun haq to‘lash tartibi
Tibbiyot muassasalarida bemorlarga nonushta bepul beriladi. Nonushtadan tashqari ovqatlanish uchun, qoida tariqasida, bemorning o‘zi, uning qarindoshlari, boshqa shaxslar, tashkilotlar yoki homiylar mablag‘lari hisobidan haq to‘lanadi.
Ovqatlanish to‘lovidan ozod qilingan shaxslarning xarajatlari tibbiyot muassasasiga ajratilgan Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Bemor tibbiyot muassasasi taklif etgan ovqatlanishdan yozma ariza asosida to‘liq yoki qisman voz kechishi mumkin. Bunda mustaqil tashkil etilgan ovqatlanish shifokorning parhez bo‘yicha ko‘rsatmasiga muvofiq bo‘lishi kerak.
Muhim istisno
Ovqatlanish uchun haq to‘lashdan ozod qilish to‘g‘risidagi ro‘yxat tibbiy yordam pulli asosda ko‘rsatiladigan va byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan faoliyat yuritadigan tibbiyot muassasalari, ularning bo‘limlari yoki palatalariga tatbiq etilmaydi.