Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 16805 marta o'qildi

Majburiy jamoat ishlari

Majburiy jamoat ishlari mahkumni haq to‘lanmaydigan foydali jamoat ishlarini bajarishga majburiy tarzda jalb qilishdan iborat.

Ushbu jazo I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan qo‘llanilmaydi.

Shartli hukm qo‘llanilishi

Shartli hukm o‘ta og‘ir jinoyat uchun hukm qilinganlarga, shuningdek, ilgari qasddan sodir etgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilingan shaxslarga nisbatan qo‘llanilmaydi.

Biroq ushbu cheklov:

  • 18 yoshga to‘lmagan shaxslarga;
  • I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga;
  • ayollarga;
  • 60 yoshdan oshgan shaxslarga

tatbiq etilmaydi. Bu shaxslarga nisbatan qonundagi boshqa shartlar mavjud bo‘lsa, shartli hukm qo‘llanilishi mumkin.

Maxsus vositalarni qo‘llash

Nogironlik belgilari aniq ko‘rinib turgan shaxslarga nisbatan:

  • rezina tayoqlar;
  • qo‘lkishanlar va boshqa bog‘lash vositalari;
  • xizmat itlari;
  • ko‘zdan yosh chiqaruvchi moddalar;
  • nur-tovush moslamalari;
  • suv bilan zarba beruvchi va zirhli mashinalar;
  • qonunda nazarda tutilgan boshqa maxsus vositalarni

qo‘llash taqiqlanadi.

Qurolli qarshilik ko‘rsatilgan yoki fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga tahdid soluvchi guruh bo‘lib hujum qilingan hollar bundan mustasno.

Qo‘shimcha posilka va oziq-ovqat olish

Ozodlikdan mahrum qilingan I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan shaxs vrach xulosasiga ko‘ra davolanish va kuchaytirilgan ovqatlanishga muhtoj deb topilsa, unga qo‘shimcha:

  • posilkalar;
  • yo‘qlovlar;
  • banderollar

olishga ruxsat beriladi.

Ularning miqdori va turlari tibbiy xulosa asosida belgilanadi.

Mehnatga jalb qilish

Ozodlikdan mahrum qilingan I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar mehnatga faqat o‘z xohishiga ko‘ra jalb qilinadi.

Ularni jamlangan ish vaqti rejimida, tungi vaqtda, dam olish yoki bayram kunlarida ishlashga yoxud ish vaqtidan tashqari ishlarga jalb qilishda mehnat qonunchiligida belgilangan cheklovlarga rioya qilinishi shart.

Jazoni o‘tash sharoitlari

Ozodlikdan mahrum qilingan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun quyidagi qo‘shimcha kafolatlar belgilangan:

  • I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar intizomiy bo‘linmalarga joylashtirilmaydi;
  • I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar qamoqxonalarda yaxshilangan sharoitlarda jazo o‘taydi;
  • ular yashaydigan umumiy xonalar maxsus jihoz va moslamalar bilan ta’minlanishi kerak;
  • ular uchun yuqori ovqatlanish normalari belgilanadi.
Chat