Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 14783 marta o'qildi

Majburiy jamoat ishlari nima?

Majburiy jamoat ishlari mahkumni haq to‘lanmaydigan foydali jamoat ishlarini bajarishga majburiy tarzda jalb qilishdan iborat jazo turidir.

Mahkum doimiy ish yoki o‘qish joyiga ega bo‘lsa, majburiy jamoat ishlarini ishdan yoki o‘qishdan bo‘sh vaqtda o‘taydi.

Mahkum jazoni o‘taydigan joy va bajaradigan ish turi probatsiya bo‘linmasi tomonidan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining takliflarini inobatga olgan holda belgilanadi.

Jazo qancha muddatga tayinlanadi?

Majburiy jamoat ishlari 120 soatdan 480 soatgacha bo‘lgan muddatga tayinlanadi.

Jazo:

  • dam olish kunlari va mahkum asosiy ish yoki o‘qish bilan band bo‘lmagan kunlarda — kuniga 4 soatdan oshmagan holda;
  • ish yoki o‘qish kunlarida — ish yoki o‘qishdan oldin yoxud keyin kuniga 2 soatdan oshmagan holda;
  • mahkumning iltimosiga ko‘ra ish yoki o‘qish kunlarida ham kuniga 4 soatgacha

o‘talishi mumkin.

Jazo, odatda, 6 oy davomida, mahkumga bog‘liq bo‘lmagan holatlar yuzaga kelganda esa 1 yilgacha bo‘lgan muddatda o‘taladi.

Voyaga etmaganlarga nisbatan muddat

Mehnatga layoqatli voyaga etmagan shaxslarga majburiy jamoat ishlari 60 soatdan 240 soatgacha bo‘lgan muddatga tayinlanadi.

Voyaga etmagan shaxs:

  • dam olish yoki o‘qishdan bo‘sh kunlarda — kuniga 3 soatdan ko‘p bo‘lmagan;
  • o‘qish yoki ish kunlarida — kuniga 2 soatdan ko‘p bo‘lmagan;
  • bir haftada — 3 kundan ko‘p bo‘lmagan

vaqt davomida jazoni o‘taydi.

Bajariladigan ishlar voyaga etmagan shaxsning sog‘lig‘i va ma’naviy rivojlanishiga zarar etkazmasligi, shuningdek, o‘quv jarayonini buzmasligi kerak.

Kimlarga majburiy jamoat ishlari qo‘llanilmaydi?

Majburiy jamoat ishlari quyidagilarga nisbatan qo‘llanilmaydi:

  • pensiya yoshiga etgan shaxslarga;
  • 16 yoshga to‘lmagan shaxslarga;
  • homilador ayollarga;
  • 3 yoshga to‘lmagan bolalari bor ayollarga;
  • I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga;
  • harbiy xizmatchilarga;
  • chet el fuqarolariga;
  • O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashamaydigan shaxslarga.

Jazoni kim nazorat qiladi?

Jazoning ijrosi mahkumning yashash joyidagi ichki ishlar organining probatsiya bo‘linmasi tomonidan tashkil etiladi va nazorat qilinadi.

Mahkum:

  • belgilangan joyda ishlashi;
  • tasdiqlangan ish jadvaliga rioya qilishi;
  • belgilangan soat va ish hajmini bajarishi;
  • ichki tartib va mehnat intizomiga rioya qilishi;
  • yashash joyi o‘zgarganda probatsiya bo‘linmasini xabardor qilishi;
  • probatsiya bo‘linmasining chaqiruvi bo‘yicha etib kelishi shart.

Mahkum jazoni o‘tash joyini o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirishi yoki ishlarni to‘xtatishi mumkin emas. Probatsiya bo‘linmasining ruxsatisiz O‘zbekiston hududidan chiqish ham taqiqlanadi.

Qaysi vaqt jazo muddatiga qo‘shilmaydi?

Quyidagi vaqt majburiy jamoat ishlari muddatiga qo‘shib hisoblanmaydi:

  • ish joyiga borish uchun sarflangan vaqt;
  • ovqatlanish vaqti;
  • mahkum ishlarni bajarishga alkogolli, giyohvandlik yoki zaharvandlik mastligi holatida kelgan vaqt.

Majburiy jamoat ishlarini o‘tash vaqti mehnat stajiga qo‘shilmaydi va mahkum bilan mehnat shartnomasi tuzilmaydi.

Jazoni o‘tashdan bo‘yin tovlansa

Mahkum jazoni o‘tashdan bo‘yin tovlasa, sud majburiy jamoat ishlarining o‘talmay qolgan qismini:

  • ozodlikni cheklash;
  • yoki ozodlikdan mahrum qilish

jazosi bilan almashtirishi mumkin.

Bunda majburiy jamoat ishlarining 4 soati ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilishning 1 kuniga tenglashtiriladi.

Jazoni o‘tashdan ozod qilish

Jazoni o‘tash davrida:

  • mehnat qobiliyatini yo‘qotgan;
  • pensiya yoshiga etgan shaxsni;
  • homiladorlik yoki tug‘ish ta’tili berilgan ayolni

Jinoyat kodeksida belgilangan tartibda jazoni o‘tashdan ozod qilish masalasi sud tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Chat