Tavsiyanoma olish uchun xotin-qiz quyidagi shartlarning barchasiga javob berishi kerak:
— o‘rta maxsus yoki professional ta’lim bo‘yicha mutaxassislikka ega bo‘lishi;
— oliy ma’lumot olmagan va oliy ta’limda tahsil olmayotgan bo‘lishi;
— olgan mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yil mehnat stajiga ega bo‘lishi.
Tavsiyanoma bir marta beriladi va berilgan kundan boshlab 3 yil davomida amal qiladi.
Tavsiyanoma — belgilangan talablarga javob bergan xotin-qizga davlat OTMiga ajratilgan maxsus qabul parametrlari doirasida tanlovda ishtirok etish huquqini beruvchi hujjat.
Talabgor har yili 1-maydan 1-iyunga qadar yashash yoki turgan joyidagi tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limiga ariza beradi.
Arizalar ishchi guruh tomonidan o‘rganiladi. Tavsiyanoma berish yoki rad etish bo‘yicha tegishli jarayonlar iyunь oyining birinchi yarmida yakunlanib, tavsiyanoma talabgorga 15-iyunga qadar etkazilishi ta’minlanadi.
Tavsiyanoma OTMga imtihonsiz qabul qilish huquqini bermaydi.
Tavsiyanomaga ega xotin-qizlar ham umumiy tartibda bakalavriat uchun belgilangan test sinovi yoki kasbiy (ijodiy) imtihonda ishtirok etadi.
Agar talabgor umumiy tanlov bo‘yicha talabalikka tavsiya etilmasa, lekin kirish imtihonida mumkin bo‘lgan maksimal ballning kamida 30 foizini to‘plasa, maxsus kvota doirasida tanlovda ishtirok etadi.
Mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yil ish stajiga ega xotin-qizlar uchun respublika bo‘yicha jami 500 ta alohida qabul parametri ajratiladi.
Ushbu o‘rinlarga qabul bazaviy to‘lov-kontrakt asosida, to‘plangan ballar ketma-ketligi bo‘yicha amalga oshiriladi.
Tanlov abiturient ro‘yxatdan o‘tishda tanlagan birinchi ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkaziladi.
Eslatma: tavsiyanoma olishning o‘zi OTMga kirishni kafolatlamaydi. Talabgor kirish imtihonida qatnashishi va maxsus kvota tanloviga kirish uchun kamida maksimal ballning 30 foizini to‘plashi kerak.
2026-yil 1-iyuldan ushbu maxsus qabul tartibi:
— oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalariga;
— Toshkent davlat yuridik universitetiga;
— boshqa OTMlarning «Yurisprudentsiya» bakalavriat yo‘nalishiga;
— O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy va nodavlat OTMlar hamda ularning filiallariga tatbiq etilmaydi.