Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 5129 marta o'qildi

1. Avvalo advokatning maqomini tekshiring

Shartnoma tuzishdan oldin tanlangan shaxsning amaldagi advokat maqomi borligini tekshirish muhim.

Advokatlar haqidagi ma’lumotlar ochiq elektron reestrda yuritiladi. Advokatlik guvohnomasidagi QR-kod orqali ham advokatning maqomi, advokatlik tuzilmasi, ixtisosligi, litsenziya raqami va litsenziya berilgan sanani aniqlash mumkin.

2. Shartnoma yozma shaklda bo‘lishi kerak

Advokatlik faoliyati advokat bilan ishonch bildiruvchi shaxs o‘rtasida tuziladigan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi bitim (shartnoma) asosida amalga oshiriladi.

Qonunga ko‘ra bu — oddiy yozma shaklda tuziladigan fuqarolik-huquqiy shartnoma. U yuridik yordamni shartnoma tuzgan shaxsning o‘ziga yoki u ko‘rsatgan boshqa shaxsga ko‘rsatish uchun tuzilishi mumkin.

3. Topshiriq nima ekanini aniq yozing

Shartnomada topshiriqning predmeti muhim shart hisoblanadi.

Masalan, advokat:

  • faqat huquqiy maslahat berishi;
  • da’vo yoki shikoyat tayyorlashi;
  • birinchi instantsiya sudida qatnashishi;
  • apellyatsiya yoki boshqa bosqichda vakillik qilishi;
  • muayyan muzokara yoki huquqiy harakatni amalga oshirishi kerakmi — buni shartnomada aniq belgilash maqsadga muvofiq.

Shartnomadagi umumiy va noaniq iboralar keyinchalik advokat qaysi ishni bajarishi shart bo‘lgani haqida nizo kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin.

4. Haq va qo‘shimcha xarajatlarni oldindan kelishib oling

Shartnomaning muhim shartlariga:

  • yuridik yordam uchun haq to‘lash shartlari;
  • advokatning topshiriqni bajarish bilan bog‘liq xarajatlarini kompensatsiya qilish tartibi va miqdori ham kiradi.

Shu sababli xizmat haqi qancha ekani, to‘lov bir marta yoki bosqichma-bosqich amalga oshirilishi, xizmat safari, ekspertiza, pochta va boshqa xarajatlar alohida to‘lanishi yoki umumiy narxga kirishi shartnomada aniq ko‘rsatilgani ma’qul.

Advokatga to‘lanadigan haq va xarajatlar shartnomada belgilangan tartibda advokatlik tuzilmasining kassasiga yoki bank hisobvarag‘iga kirim qilinishi kerak.

5. Advokatning javobgarligi haqidagi bandni o‘qing

Qonun advokat javobgarligining miqdori va xususiyatini ham shartnomaning muhim shartlaridan biri sifatida belgilaydi.

Shuning uchun shartnomani imzolashdan oldin taraflarning majburiyatlari, ular bajarilmagan taqdirdagi oqibatlar va shartnomani bekor qilish tartibini o‘qib chiqish zarur.

Shartnomani bekor qilish masalalari, agar «Advokatura to‘g‘risida»gi Qonunda boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, Fuqarolik kodeksi asosida hal etiladi.

6. Maxfiy ma’lumotlar himoya qilinadi

Advokatga yuridik yordam so‘rab murojaat qilinganining o‘zi, murojaat qilingan masala, berilgan maslahat va tushuntirishlar hamda advokat bilan muhokama qilingan ma’lumotlar advokatlik siri hisoblanadi.

Shu sababli ishni to‘g‘ri olib borish uchun advokatga zarur ma’lumotlarni taqdim etish mumkin, ammo hujjatlarni kimga va qanday maqsadda berayotganingizni ham aniq bilish muhim.

Eslatma: shartnomani imzolashdan oldin kamida advokatning maqomi, topshiriq hajmi, xizmat haqi, qo‘shimcha xarajatlar va javobgarlik shartlarini tekshirib chiqing. Og‘zaki kelishuvga tayanib qolish o‘rniga qonunda talab qilingan yozma shartnomani rasmiylashtiring.

Chat