Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 138 marta o'qildi

Bolalarga bepul va xavfsiz yuridik yordam ko‘rsatiladi

«Madad» nodavlat notijorat tashkiloti va UNICEF (YuNISEF) hamkorligida zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki oilaviy nizolarga jalb etilgan bolalarga bepul, xavfsiz va malakali yuridik yordam ko‘rsatishga qaratilgan loyiha amalga oshirilmoqda.

Loyiha doirasida bolalarga maxsus vaucher tizimi orqali bolalar huquqlarini himoya qilish sohasida tayyorgarlikdan o‘tgan advokatlar tomonidan gender jihatdan sezuvchan, bolalarga do‘stona va xavfsiz yuridik yordam ko‘rsatiladi.

Loyihani amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi, Ayol advokatlar alьyansi hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamkor tashkilotlar sifatida ishtirok etmoqda.

Yuridik yordam maxsus tanlab olingan 10 nafar advokat, jumladan 8 nafar ayol va 2 nafar erkak advokat tomonidan ko‘rsatiladi.

Qanday holatlarda yuridik yordam olish mumkin?

Loyiha doirasida quyidagi toifadagi ishlar bo‘yicha bepul yuridik yordam ko‘rsatilishi mumkin.

Jinoyat ishlari bo‘yicha:

  • bolaning jismoniy zo‘ravonlikdan jabrlanishi;
  • bolaning psixologik zo‘ravonlikka uchrashi;
  • bolaning ekspluatatsiya yoki odam savdosidan jabrlanishi;
  • bolaning tahqirlash yoki kibertahqirlashga uchrashi;
  • bolaning oilaviy yoki maishiy zo‘ravonlikdan jabrlanishi.

Fuqarolik va oilaviy-huquqiy nizolar bo‘yicha:

  • bolaning qaysi ota-ona bilan yashashini belgilash;
  • alohida yashovchi ota yoki onaning bola tarbiyasida ishtirok etishiga to‘sqinliklarni bartaraf etish;
  • boshqa shaxslar tarbiyasida bo‘lgan bolani ota-onasiga qaytarish;
  • ota-onalik huquqidan mahrum qilish, cheklash yoki tiklash;
  • ota-onalik huquqidan mahrum qilmagan holda bolani ota-onadan olib qo‘yish;
  • farzandlikka olishni bekor qilish yoki haqiqiy emas deb topish bilan bog‘liq nizolar.

Yuridik yordam qanday ko‘rsatiladi?

Murojaat o‘rganib chiqilganidan so‘ng, loyiha talablariga mos kelgan holatlar bo‘yicha bolaga yoki uning qonuniy vakiliga malakali advokat jalb qilinishi mumkin.

Advokat tomonidan ko‘rsatiladigan yuridik yordam to‘liq bepul bo‘lib, advokatlik xizmati uchun to‘lov loyiha mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Yuridik yordam ko‘rsatish jarayonida:

  • bolaning huquqlari va qonuniy manfaatlari ustuvor hisoblanadi;
  • bolaning yoshi, ruhiy holati va ehtiyojlari inobatga olinadi;
  • maxfiylik va xavfsizlik tamoyillariga rioya qilinadi;
  • gender jihatdan sezuvchan va bolaga do‘stona yondashuv qo‘llaniladi.

Mazkur loyiha bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilish, ularning odil sudlovdan va malakali yuridik yordamdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

Agar siz yoki atrofingizdagi bola zo‘ravonlikka uchragan, tahqirlangan, ekspluatatsiya qilingan yoki oilaviy nizoga jalb etilgan bo‘lsa, befarq bo‘lmang. Malakali va bepul yuridik yordam olish imkoniyati mavjud.

Qo‘shimcha ma’lumot

Qo‘shimcha ma’lumot olish uchun +998 (71) 256-52-53 telefon raqamiga, hududiy adliya organlariga yoki «Madad» nodavlat notijorat tashkilotining hududiy bo‘linmalariga murojaat qilish mumkin.

Chat