Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 maydan xalqaro dasturlar (“Stent for Life” va “Action Plan for Stroke”) asosida ishlab chiqilgan Infarkt va insultga qarshi kurashish milliy dasturi (Milliy dastur) hududlarda bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etiladi.
✅ Milliy dastur doirasida quyidagilarni nazarda tutuvchi tizim joriy qilinadi, jumladan:
► birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida o‘tkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarni barvaqt aniqlash maqsadida 30 yoshdan oshgan aholi o‘rtasida yiliga 1 marta maqsadli tibbiy tekshiruvlar o‘tkaziladi;
► tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon tomir kasalliklari markazlarida tunu kun faoliyat yurituvchi infarkt va insult brigadalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi;
► xalqaro standartlar asosida bemorlarning klinik marshrutlari (clinical pathways) ishlab chiqiladi va amaliyotga joriy etiladi;
► tez tibbiy yordam brigadalari sunʼiy intellekt yordamida tahlil qilish imkoniyatiga ega telemetrik elektrokardiograf hamda monitorli defibrillyatorlar bilan taʼminlanadi.
Qarorga ko‘ra, Milliy dastur doirasida o‘tkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarni davolashda tibbiy xizmatlar xalqaro standartlarga muvofiq vaqt meʼyorlariga qatʼiy rioya etgan holda ko‘rsatilishi taʼminlanadi. Bunda:
► o‘tkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarga chalingan bemorlarga “oltin soat” tamoyili asosida shoshilinch tibbiy xizmat ko‘rsatish tashkil qilinadi;
► tez tibbiy yordam xizmati tomonidan ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar algoritmi va bemorning ixtisoslashgan tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi muassasagacha bo‘lgan klinik marshruti vaqt meʼyorlari asosida tashkil qilinadi;
birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari hamda statsionar tibbiyot muassasalari tomonidan aholini maqsadli tibbiy tekshiruvlardan o‘tkazish va bemorlarning klinik marshrutlarini tashkil qilishda vaqt meʼyorlari inobatga olinadi.
Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda “Hoziroq harakatlan – hayotni saqlab qol!” mavzusida ijtimoiy roliklar namoyish qilinadi.
Har yili 29 sentyabr – Butunjahon yurak kuni hamda 29 oktyabr –Butunjahon insultga qarshi kurashish kuni munosabati bilan qon bosimi, qand va xolesterin miqdorini o‘lchash, infarkt va insultda tez yordam ko‘rsatish bo‘yicha aholining savodxonligini oshirishga qaratilgan ommaviy tadbirlar o‘tkaziladi.
2026 yil 1 martdan respublika tibbiyot markazlari mutaxassislari hamda xorijiy ekspertlardan iborat tarkibda o‘tkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarni davolashda tibbiy xizmat ko‘rsatishni muvofiqlashtiruvchi kengash faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.