Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

Telekommunikatsiyalar xizmatlarini ko‘rsatish qoidalarining yangi tahriri davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi

  • 28.01.2026
  • 47 marta o'qildi

Adliya vazirligi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda Telekommunikatsiyalar xizmatlarini ko‘rsatish qoidalarini yangi tahririni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi (ro‘yxat raqami 3672, 2026 yil 26 yanvar).


Ushbu hujjatda telekommunikatsiyalar xizmatlarini ko‘rsatishda fuqarolarga qulayliklar yaratishga qaratilgan quyidagi bir qator yangiliklar belgilandi:

1. Mobil aloqa abonentlari shaxsiy hisobida mablag‘ xizmat ko‘rsatishni davom ettirish uchun yetarli bo‘lmaganda mobil aloqa operatori va abonent o‘rtasida tuzilgan shartnomani bekor qilish (mavjud bo‘magan raqam holatiga o‘kazish) muddati 2 oydan bir yilga uzaytiriladi;

2. Abonentlar amaldagi tarif rejasini istalgan boshqa tarif rejasi bilan bepul almashtirishi mumkin bo‘ladi (bundan muayyan guruh yoki maʼlum cheklangan hudud uchun ishlab chiqilgan alohida tarif rejalariga o‘tish mustasno);

3. Abonentlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasining ishonch telefonlariga kecha-kunduz bepul qo‘ng‘iroq qilishlari mumkinligi belgilandi.

4. Aholiga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida, xizmat ko‘rsatish punktiga kelish imkoniyati bo‘lmagan fuqarolar uchun yashash joyiga borish, olis va yetib borish qiyin bo‘lgan aholi punktlarida sayyor mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi;

5. Abonent – jismoniy shaxsdan tarif rejasi bo‘yicha abonent to‘lovi va xizmat uchun mablag‘ yechishda hisobni salbiy holatga (qarzdorlik holatiga) keltirish taqiqlanadi;

6. Abonentlar amaldagi tariflar o‘zgarganligi to‘g‘risida kamida 15 kun oldin ommaviy axborot vositalari, rasmiy veb-sayt yoki SMS xabarnoma orqali majburiy tartibda xabardor qilinadi;

7. Mobil aloqa tarmoqlarida abonent raqamlarini ko‘chirish endilikda xizmat ko‘rsatish punktlarida 8 ish soatida emas, balki 20 daqiqa ichida amalga oshriladi.

8. Mobil aloqa abonentlariga pullik qo‘shimcha xizmatlarga obuna bo‘lish bo‘yicha kontent xizmatlari ko‘rsatishning quyidagi yangi tartibi belgilandi:

xizmatlarni aktivatsiya qilish operatorlarning mobil ilovalari yoki USSD kodlar orqali amalga oshiriladi;

abonentlarning rozilik tasdig‘ini olmasdan xizmatlarni avtomatik ulashga yoki dastlab bepul bo‘lgan xizmatlarni pullik qilishga yo‘l qo‘yilmaydi;

kontent provayderlari tomonidan abonentlarga taqdim etiladigan barcha pullik xizmatlar dastlab nofaol holatda bo‘lishi kerak;

Mazkur hujjat rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.

Chat