Joriy yilning 1 fevralidan milliy qonunchilikda quyidagi o‘zgarishlar kuchga kiradi:
1. Tashabbusli loyiha qiymatining 50 foizini moliyalashtirishda aholi ishtirok etgan taqdirda, qolgan qismi respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi. Bunday loyihalar avtomatik ravishda g‘olib deb topiladi.
2. "Yoshlarning yagona elektron platformasi" axborot tizimi ishga tushiriladi, uning vazifalari orasida yoshlarning qiziqishlarini aniqlash bo‘yicha ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish, yoshlar uchun amaldagi imtiyozlar, preferensiyalar va imkoniyatlar to‘g‘risida maʼlumot berish kiradi.
3. "Yoshlar daftari" doirasida ijtimoiy yordam olish uchun ariza berish va ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha qaror qabul qilish bilan bog‘liq barcha maʼmuriy tartib-taomillar Yoshlarning yagona elektron platformasi orqali amalga oshiriladi.
4. "Ijtimoiy himoya yagona reyestri" va Kambag‘al oilalar reyestri negizida Yagona ijtimoiy reyestr ish boshlaydi. U "Yagona milliy ijtimoiy himoya" ATda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanadigan oilalarni (shaxslarni) aniqlash va ularning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini baholash uchun yuritiladi.
5. "Davlat taʼminotidagi oila" toifasiga kiruvchi oilalar uchun ijtimoiy yordam paketi joriy etiladi.
6. Oilalarni Ijtimoiy reyestrga kiritish, toifalarini belgilash va chiqarib tashlash bilan bog‘liq nizolarni tezkor hal etish uchun tuman (shahar) hokimliklari huzurida Apellatsiya kengashi tashkil etiladi.
7. Zo‘ravonlik oqibatida oiladan ajratib olingan, o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bo‘lgan, shuningdek, ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan bolalar uchun professional tutingan oila xizmati joriy etiladi.
8. Xorijiy fuqarolar tomonidan ilgari sotib olingan tovarlar uchun to‘langan QQS summasini O‘zbekiston hududidan chiqib ketishda qaytarish ularning xohishiga ko‘ra naqd pul shaklida amalga oshirilishi mumkin.
9. Jismoniy shaxslarga ID-karta birlamchi rasmiylashtirilayotganda uning chipiga kiritiladigan ERI sertifikatini berish bepul amalga oshiriladi.
10. “A” va “V” toifadagi haydovchilik guvohnomasini olishga talabgorlar haydovchilarni tayyorlash majburiy dasturining nazariy qismini mustaqil ravishda o‘rganishlari mumkin bo‘ladi.
11. Prezident qarori bilan berilgan chegirmalardan foydalanuvchi tadbirkorlik subyektlari - zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilar uchun qo‘shimcha talablar belgilandi.
12. "Kitob - maʼrifat manbai" dasturi ishga tushirilib, davlat organlarining kitob va kitobxonlik madaniyati to‘g‘risidagi reklamalari ijtimoiy reklama sifatida eʼtirof etiladi.
13. Tashuvchilar tuman markazlarini olis hududlar bilan bog‘lovchi norentabel muntazam mikroavtobus yo‘nalishlarining zararlarini qoplash uchun YAIDXPga arizalar taqdim etadilar. Arizalar UzTrans tomonidan ko‘rib chiqiladi, xizmat bepul.
14. Zilzilabardoshlik bo‘yicha ilmiy xulosa uchun to‘lov miqdori 50 foizga kamaytirilib, bir turkumdagi obyektlar bo‘yicha ilmiy xulosalar faqat bir marta beriladi.
15. Umumiy vazni 44 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillari, maxsus transport vositalari, yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan yo‘nalishsiz taksilar, antiqa avtomototransport vositalari uchun alohida seriyadagi davlat raqami belgilari joriy etiladi.
16. 50 yildan oshgan transport vositalaridan foydalanish va ularni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish taqiqlanadi, ular davlat reyestridan chiqariladi.
17. Kam taʼminlangan oilalar reyestriga kiritilgan yoshlar davlat bilan qo‘shimcha moddiy yordam va imtiyozlar olishni nazarda tutuvchi ijtimoiy kontrakt tuzishi mumkin bo‘ladi.
18. Lex.uz orqali "aqlli targ‘ibot" shaklidagi "proaktiv qonunchilik" tamoyili joriy etilib, tadbirkorlik subyektlari va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning soliq.uz tizimidagi shaxsiy kabinetiga ularning faoliyat turiga oid yangi NHH to‘g‘risidagi maʼlumotlarni yuborishni nazarda tutadi.
19. NKMK va OKMK tomonidan ishlab chiqarilgan qimmatbaho metallarni birja savdolarida tadbirkorlik subyektlariga sotishda chegirma berish tugatiladi.