Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

2026 yilda energiya samaradorligi yana-da oshiriladi

  • 01.05.2026
  • 18 marta o'qildi

2026 yilda energiya samaradorligini yana-da oshirish, energiya resurslarini tejash va ulardan oqilona foydalanishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni (PF–70-son, 29.04.2026 y.) qabul qilindi.


Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 iyuldan vazirlik va idoralar, davlat tashkilotlari va ijtimoiy soha muassasalari hamda davlat ishtirokidagi korxonalarning yangi quriladigan, rekonstruksiya (modernizatsiya) qilinadigan va mukammal taʼmirlanadigan bino va inshootlarida energiya samaradorligining “S” va undan yuqori toifasiga ega bo‘lish talabi kiritiladi.

Elektr energiyasi va tabiiy gazni isteʼmolchilarni tarmoqdan ajratish va cheklov kiritish hisobidan tejashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Energiya samaradorligi milliy agentligiga Energiya samaradorligini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi orqali energiya servis kompaniyalari (ESKO) tomonidan davlat buyurtmalari asosida ko‘rsatiladigan energiya servis xizmatlari uchun kafolatlangan to‘lovlarni amalga oshirish huquqi beriladi.

2026 yildan har yili energiya sarfi belgilangan normativlardan keskin oshib ketgan davlat obyektlarida xalqaro standartlar va energiya servis mexanizmlari asosida energiya samaradorligini tubdan yaxshilash dasturlari amalga oshiriladi.

✔️ 2026 yil 1 oktyabrga qadar obyektlar kesimida katta hajmdagi maʼlumotlar (Big Data), biznes-tahlil (Business Intellegence) va sunʼiy intellekt texnologiyalari asosida energiya isteʼmolini va samaradorlik ko‘rsatkichlarini tahlil qilib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

“Energiya samaradorligi – farovon hayot garovi” umummilliy harakati yo‘lga qo‘yiladi


Farmonga ko‘ra, har yarim yilda iqtisodiyotning energiya sig‘imini hisoblash va tegishli maʼlumotlarni eʼlon qilib borish amaliyoti joriy qilinadi.

2026 yil 1 sentyabrgacha oliy taʼlim tashkilotlari uchun energiya samaradorligi hamda energiya tejamkorligiga oid amaliy bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan mavzular tegishli fanlarning o‘quv dasturlariga kiritiladi va amaliyotga joriy etiladi.

2026/2027 o‘quv yilidan maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasbiy va oliy taʼlim tashkilotlarida tegishlicha tarbiyalanuvchi, o‘quvchi va talabalarda energiya tejamkorligi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan tadbirlar tashkil etib boriladi.

✅ Iqticodiyot tarmoqlari korxonalari va tegishli vazirlik, idoralar ehtiyojini hisobga olgan holda texnika yo‘nalishidagi oliy taʼlim tashkilotlarining “70710410 – Energiya tejamkorligi va energoaudit” magistratura mutaxassisligi bo‘yicha o‘qishga qabul qilish parametrlari 2026/2027 o‘quv yili uchun 25 foizga oshiriladi.

Farmon bilan tasdiqlangan maqsadli ko‘rsatkichlar va ularga erishish tadbirlari bajarilishining nazorati “Energiya tejamkorlik” platformasi orqali yuritiladi.

Kundalik hayotda energiyani tejash va energiya samaradorligini oshirish ko‘nikmalarini singdirishga qaratilgan “Energiya samaradorligi – farovon hayot garovi” umummilliy harakatini yo‘lga qo‘yiladi hamda aholi o‘rtasida targ‘ibot va tashviqot ishlari amalga oshiriladi.

Chat