Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 18884 marta o'qildi

Jismoniy shaxs murojaatida nimalar bo‘lishi kerak

Jismoniy shaxsning murojaatida:

— familiyasi, ismi va otasining ismi;

yashash joyi to‘g‘risida ma’lumot;

— murojaat yuborilayotgan davlat organi yoki tashkilotning aniq nomi yoxud mansabdor shaxsning lavozimi va/yoki F.I.O.;

— murojaatning mohiyati ko‘rsatilishi kerak.

Elektron pochta manzili, telefon yoki faks raqamini ham ko‘rsatish mumkin, ammo Qonunda ular barcha murojaatlar uchun majburiy rekvizit sifatida belgilanmagan.

Yuridik shaxs murojaati

Yuridik shaxsning murojaatida:

— yuridik shaxsning to‘liq nomi;

— uning joylashgan eri, ya’ni pochta manzili;

— murojaat yuborilayotgan organ yoki mansabdor shaxs;

— masalaning mohiyati ko‘rsatilishi kerak.

Murojaat qaysi tilda beriladi

Murojaatlar davlat tilida yoki boshqa tillarda berilishi mumkin.

Murojaatga javob berishda unda ko‘tarilgan barcha masalalar ko‘rib chiqilishi va qabul qilingan qaror haqida murojaatchiga yozma yoki elektron tarzda xabar berilishi kerak.

Yozma murojaatda imzo

Yozma murojaat:

— jismoniy shaxsning shaxsiy imzosi;

— yoki yuridik shaxsning vakolatli shaxsi imzosi bilan tasdiqlanadi.

Agar jismoniy shaxs muayyan sababga ko‘ra murojaatni o‘zi imzolay olmasa, uni yozib bergan shaxs imzolashi va o‘zining F.I.O.sini ham ko‘rsatishi mumkin.

Vakil orqali murojaat qilinsa

Murojaat vakil orqali berilganda, uning murojaatchi nomidan harakat qilish vakolatini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinadi.

Vakolatni tasdiqlovchi hujjat taqdim etilmagan vakilning murojaati qonunda belgilangan holatlarda ko‘rib chiqilmaydi.

Qanday murojaat anonim hisoblanadi

Quyidagi holatlarda murojaat anonim deb baholanishi mumkin:

— jismoniy shaxsning F.I.O.si yoki yashash joyi ko‘rsatilmagan;

— yuridik shaxsning nomi yoki manzili ko‘rsatilmagan;

— ushbu ma’lumotlar haqida yolg‘on ma’lumot berilgan;

— elektron murojaat uni yuborgan shaxsni identifikatsiya qilish imkonini bermaydi;

— yozma murojaat imzolanmagan.

Eslatma: imzosiz yozma murojaat yoki murojaatchini aniqlash imkoni bo‘lmagan elektron murojaat anonim murojaat hisoblanadi va ko‘rib chiqilmaydi.

Hujjatlarni ilova qilish

Murojaatchi o‘z talablarini tasdiqlaydigan hujjatlar, avval qabul qilingan qarorlarning nusxalari yoki masalani hal qilish uchun ahamiyatli boshqa materiallarni murojaatga ilova qilishi mumkin.

Bu, ayniqsa, shikoyat yoki muayyan huquqni tiklash talabi bilan murojaat qilinganda masalani tez va to‘liq o‘rganishga yordam beradi.

Murojaat boshqa organ vakolatiga kirsa

Agar murojaatdagi masalani hal qilish mazkur organ vakolatiga kirmasa, u 5 kundan kechiktirmay tegishli davlat organi, tashkilot yoki mansabdor shaxsga yuborilishi va bu haqda murojaatchiga xabar qilinishi kerak.

Javobda nimalar bo‘lishi kerak

Murojaat ko‘rib chiqilgandan keyin qabul qilingan qaror haqida murojaatchiga darhol yozma yoki elektron shaklda xabar beriladi.

Murojaat faqat unda ko‘tarilgan barcha masalalar qonun talablariga muvofiq ko‘rib chiqilib, tegishli javob berilganidan keyin ko‘rib chiqilgan hisoblanadi.

Chat