Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 30469 marta o'qildi

Mehnat sohasida qanday kafolatlar mavjud?

Savol: Men II guruh nogironligi bo‘lgan shaxsman. Mehnat qilish jarayonida men uchun qanday imtiyoz va kafolatlar belgilangan?

Javob: Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining to‘liqsiz ish vaqti rejimi, ish yuklamasini kamaytirish va boshqa mehnat sharoitlari to‘g‘risidagi tavsiyalarini bajarish ish beruvchi uchun majburiy.

I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodimlar uchun:

  • ish vaqti haftasiga 36 soatdan oshmaydigan qilib belgilanadi;
  • qisqartirilgan ish vaqtida mehnatga haq to‘lash to‘liq ish vaqti uchun belgilangan miqdorda amalga oshiriladi;
  • kamida 30 kalendarь kunlik yillik mehnat ta’tili beriladi;
  • ta’tildan xodim uchun qulay bo‘lgan vaqtda foydalanish mumkin;
  • xodimni yillik mehnat ta’tilidan chaqirib olishga yo‘l qo‘yilmaydi;
  • yozma arizaga ko‘ra har yili 14 kalendarь kungacha ish haqi saqlanmaydigan ta’til berilishi shart.

Nogironligi bo‘lgan xodimni xizmat safariga yuborish, tungi, ish vaqtidan tashqari, dam olish yoki ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ishlarga jalb qilishga faqat:

  • uning roziligi bilan;
  • bunday ishlar tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi tavsiyalarida taqiqlanmagan bo‘lsa yo‘l qo‘yiladi.

Mol-mulk solig‘i bo‘yicha imtiyoz bormi?

Savol: Men II guruh nogironligi bo‘lgan shaxsman va uy sotib oldim. Mol-mulk solig‘ini to‘laymanmi?

Javob: I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning mulkidagi uy-joy 60 kvadrat metr doirasida mol-mulk solig‘idan ozod qilinadi.

Agar uy-joy maydoni 60 kvadrat metrdan ortiq bo‘lsa, soliq faqat ushbu me’yordan ortiq qismi uchun hisoblanadi.

Imtiyoz mulkdorning tanloviga ko‘ra bitta yashash uchun mo‘ljallangan ko‘chmas mulk ob’ektiga nisbatan qo‘llaniladi. Imtiyozdan foydalanish uchun nogironlikni tasdiqlovchi hujjat taqdim etiladi.

Urush nogironlari va qatnashchilari, shuningdek qonunchilikda ularga tenglashtirilgan shaxslarning mulkidagi mol-mulk uchun alohida soliq imtiyozi belgilangan.

Oliy ta’limga kirishda qanday imtiyozlar bor?

Savol: Men I guruh nogironligi bo‘lgan shaxsman. Oliy ta’lim tashkilotiga kirishda men uchun alohida kvota bormi?

Javob: Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun davlat granti asosida o‘qishga qabul qilishning umumiy parametrlariga nisbatan qo‘shimcha 2 foizli qabul kvotasi ajratiladi.

Ushbu kvota doirasida tanlovda:

  • I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar;
  • nogironligi bo‘lgan bolalar ishtirok etishi mumkin.

Qo‘shimcha kvota bo‘yicha qabul kirish imtihonlari natijalari asosida amalga oshiriladi.

Qo‘shimcha kvota doirasida o‘qishga qabul qilinmagan abiturient to‘plagan ballari bilan tegishli ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha umumiy tanlovda ham ishtirok etadi.

Professional ta’lim olish uchun maxsus sharoitlarga muhtoj shaxslarga ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida yoki boshqa professional ta’lim tashkilotlarida tegishli sharoitlar yaratiladi.

Jazoni o‘tayotgan shaxs majburan ishlatiladimi?

Savol: I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan mahkum jazoni ijro etish muassasasida majburan mehnatga jalb qilinishi mumkinmi?

Javob: Ozodlikdan mahrum etilgan I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar mehnatga faqat o‘z xohishiga ko‘ra jalb etiladi.

Ularni tungi, ish vaqtidan tashqari, dam olish yoki bayram kunlaridagi ishlarga jalb qilishda nogironligi bo‘lgan xodimlar uchun mehnat qonunchiligida belgilangan cheklovlarga rioya qilinishi shart.

Chat