Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 16242 marta o'qildi

Manfaatlar to‘qnashuvi” to‘g‘risidagi Qonun qabul qilindi | NORMA.UZ

Manfaatlar to‘qnashuvi nima?

Manfaatlar to‘qnashuvi — shaxsning bevosita yoki bilvosita shaxsiy manfaatdorligi uning lavozim yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta’sir ko‘rsatayotgan yoki ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan vaziyatdir.

Bunda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolar, tashkilotlar, jamiyat yoki davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga keladi yoki kelishi mumkin.

Manfaatlar to‘qnashuvi:

  • mavjud manfaatlar to‘qnashuvi — qarama-qarshilik amalda yuzaga kelgan holat;
  • ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi — bunday qarama-qarshilik kelgusida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan holatga bo‘linadi.

Qonun kimlarga nisbatan tatbiq etiladi?

«Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida»gi Qonun:

  • davlat organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlariga;
  • davlat muassasalariga;
  • davlat unitar korxonalariga;
  • davlat maqsadli jamg‘armalariga;
  • ustav fondida davlat ulushi 50 foiz yoki undan ortiq bo‘lgan aktsiyadorlik jamiyatlariga nisbatan tatbiq etiladi.

Qonunning ayrim talablari ustav fondida yuqoridagi tashkilotlarning jami ulushi 50 foiz yoki undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarga ham tatbiq etiladi.

Bunday tashkilotlar ishtirokidagi keyingi darajadagi yuridik shaxslarga Qonun faqat davlat xaridlari sohasidagi munosabatlar bo‘yicha tatbiq etilishi mumkin.

Xodimga aloqador shaxslar kimlar?

Quyidagilar xodimga aloqador shaxslar hisoblanadi:

  • uning yaqin qarindoshlari;
  • xodim yoki uning yaqin qarindoshlari aktsiya yoki ulushga ega bo‘lgan yuridik shaxs;
  • xodim yoki uning yaqin qarindoshlari rahbar yoxud boshqaruv organi a’zosi bo‘lgan yuridik shaxs.

Yaqin qarindoshlarga:

  • ota-ona;
  • aka-uka va opa-singillar;
  • o‘g‘il va qizlar;
  • er yoki xotin;
  • er-xotinning ota-onasi, aka-ukasi, opa-singlisi va farzandlari kiradi.

Shaxsiy manfaatdorlik nima?

Shaxsiy manfaatdorlik — xodim yoki unga aloqador shaxslar xodimning qaror qabul qilishi yoki qaror qabul qilish jarayonida ishtirok etishi natijasida olishi mumkin bo‘lgan har qanday naf yoki afzallikdir.

Bunday manfaat:

  • pul yoki mol-mulk;
  • daromad yoki imtiyoz;
  • qarindoshini ishga joylashtirish;
  • tanish tashkilotga shartnoma berish;
  • muayyan shaxsga ustunlik yaratish kabi ko‘rinishlarda bo‘lishi mumkin.

Xodimning asosiy majburiyatlari

Xodim:

  • xizmat vazifalarini vijdonan va xolis bajarishi;
  • shaxsiy manfaati ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan harakatlardan o‘zini tiyishi;
  • manfaatlar to‘qnashuviga olib keladigan shaxsiy manfaatdorlikka yo‘l qo‘ymasligi;
  • boshqa xodimlarni o‘z shaxsiy manfaatiga xizmat qiluvchi harakatlarni bajarishga majburlamasligi;
  • boshqa xodimlarga oid o‘ziga ma’lum manfaatlar to‘qnashuvi haqida xabar berishi shart.

Tashkilot nazoratidagi tashkilot yoki uning bo‘linmasidan ish taklifi kelib tushsa, xodim bu haqda 1 ish kuni ichida xabar berishi kerak.

Mavjud manfaatlar to‘qnashuvi haqida qachon xabar beriladi?

Xodim mavjud manfaatlar to‘qnashuvi haqida o‘ziga ma’lum bo‘lgan paytdan boshlab 1 ish kuni ichida belgilangan shakldagi xabarnomani:

  • bevosita rahbariga;
  • tashkilot rahbari bo‘lsa, yuqori turuvchi rahbarga;
  • yoki maxsus bo‘linmaga taqdim etishi shart.

Jumladan, quyidagi holatlarda xabar beriladi:

  • yaqin qarindoshi xodimning bevosita bo‘ysunuviga ishga qabul qilinganda;
  • xodim faoliyatiga unga aloqador shaxs fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida jalb etilganda;
  • xodim o‘ziga aloqador shaxslarga taalluqli masala bo‘yicha qaror qabul qilishda ishtirok etganda;
  • uning yaqin qarindoshi tekshirilayotgan tashkilotda mas’ul shaxs bo‘lib ishlaganda;
  • boshqa har qanday mavjud manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelganda.

Xabarnoma tegishli qaror qabul qilinishidan oldin taqdim etilishi kerak.

Ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi deklaratsiyasi

Xodim ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi haqida belgilangan shaklda deklaratsiya taqdim etadi.

Deklaratsiya:

  • ishga qabul qilinishda;
  • boshqa ishga o‘tkazilganda;
  • shaxsga doir ma’lumotlar o‘zgarganda;
  • har yili 15-yanvardan kechiktirmay taqdim etiladi.

Maxsus bo‘linma har yilgi deklaratsiyalarni 15-fevralgacha umumlashtiradi va tahlil qiladi hamda 1-martgacha odob-axloq komissiyasiga takliflar kiritadi.

Manfaatlar to‘qnashuvini kim tartibga soladi?

Manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish uchun:

  • xodimning bevosita yoki yuqori turuvchi rahbari;
  • korruptsiyaga qarshi ichki nazorat yoki kadrlar bo‘linmasidan iborat maxsus bo‘linma;
  • odob-axloq komissiyasi mas’ul hisoblanadi.

Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi mazkur sohadagi maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi.

Manfaatlar to‘qnashuvi qanday bartaraf etiladi?

Holatning xususiyatidan kelib chiqib quyidagi choralardan biri ko‘rilishi mumkin:

  • xodimni manfaatlar to‘qnashuvi mavjud bo‘lmagan boshqa rahbar bo‘ysunuviga o‘tkazish;
  • xodimning kollegial organdagi ishtirokidan o‘zini o‘zi rad etishi yoki uni majburan chetlashtirish;
  • lavozim majburiyatlari yoki xizmat vakolatlarini qayta ko‘rib chiqish;
  • muayyan axborot va hujjatlardan foydalanishni cheklash;
  • xodimning yakka tartibda qaror qabul qilishi ustidan kollegial nazorat o‘rnatish;
  • shaxsiy manfaatdorlikni bartaraf etishni taklif qilish;
  • xodimning tashkilot manfaatlariga zid shaxsiy manfaatidan voz kechishi;
  • boshqa choralar bilan bartaraf etib bo‘lmasa, xodimning roziligi bilan uni teng lavozimga o‘tkazish;
  • mehnat shartnomasini umumiy asoslarda bekor qilish.

Manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish choralari, qoida tariqasida, xodimning roziligi bilan ko‘riladi.

Ma’lumotlar maxfiy saqlanadimi?

Manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash va tartibga solish jarayonida olingan shaxsga doir ma’lumotlarni oshkor etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Tashkilotda manfaatlar to‘qnashuvi holatlari va ularni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilgan choralar maxsus reestrda hisobga olinadi.

Fuqarolar ham xabar berishi mumkinmi?

Jismoniy va yuridik shaxslar davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimidagi manfaatlar to‘qnashuvi haqida murojaat yoki xabar berish huquqiga ega.

Xabarda imkon qadar:

  • xodim va tashkilot nomi;
  • manfaatlar to‘qnashuviga sabab bo‘layotgan aloqa;
  • qaror, shartnoma yoki tekshiruv haqidagi ma’lumot;
  • tasdiqlovchi hujjatlar ko‘rsatilishi maqsadga muvofiq.

Tekshiruvda tasdiqlangan holatlar odob-axloq komissiyasi tomonidan maxsus bo‘linma axboroti taqdim etilganidan keyin 10 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.

Manfaatlar to‘qnashuvida qabul qilingan qarorning oqibati

Manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holda qabul qilingan qaror yoki tuzilgan bitim sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

Bunday qaror yoki bitim natijasida olingan foyda sud tartibida davlat daromadiga o‘tkazilishi mumkin.

Bitimni bajarish bilan bog‘liq xarajatlar manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygan shaxs hisobidan qoplanadi.

Qanday javobgarlik belgilangan?

Mavjud manfaatlar to‘qnashuvi haqida xabar bermaslik:

  • BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha jarima;
  • bir yil ichida takroran sodir etilsa — BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha jarima solishga sabab bo‘ladi.

Mansabdor shaxsning o‘ziga ma’lum mavjud yoki ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish choralarini ko‘rmasligi:

  • BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha jarima;
  • bir yil ichida takroran sodir etilsa — BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ushbu huquqbuzarliklar davlat xaridlari sohasida sodir etilsa, mansabdor shaxslarga BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha jarima solinadi.

Chat