Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 8949 marta o'qildi

Mujskaya ruka nabiraet nomer telefona, chtobы pozvonitь na klassicheskiy belыy  statsionarnыy telefon na ofisnom stole. | Premium Foto

Mavjud manfaatlar to‘qnashuvi nima?

Mavjud manfaatlar to‘qnashuvi — xodimning bevosita yoki bilvosita shaxsiy manfaatdorligi uning lavozim yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga amalda ta’sir ko‘rsatayotgan vaziyatdir.

Bunda xodimning shaxsiy manfaatdorligi bilan fuqarolar, tashkilotlar, jamiyat yoki davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga keladi.

Xodim qachon xabar berishi shart?

Davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimi mavjud manfaatlar to‘qnashuvi o‘ziga ma’lum bo‘lgan paytdan e’tiboran 1 ish kuni ichida belgilangan shakldagi xabarnomani to‘ldirishi shart.

Xabarnoma:

  • xodimning bevosita rahbariga;
  • tashkilot rahbari tomonidan — yuqori turuvchi rahbarga;
  • yoki tashkilotning maxsus bo‘linmasiga taqdim etiladi.

Maxsus bo‘linma vazifasini korruptsiyaga qarshi ichki nazorat va (yoki) kadrlar bo‘linmasi amalga oshiradi.

Qaysi holatlarda xabar berish kerak?

Xodim quyidagi holatlarda mavjud manfaatlar to‘qnashuvi haqida xabar berishi shart:

  • yaqin qarindoshi xodimning bevosita bo‘ysunuvidagi ishga qabul qilinganda;
  • xodimning ishiga fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida unga aloqador shaxs jalb etilganda;
  • xodim o‘ziga aloqador shaxslarga taalluqli masalalar bo‘yicha qaror qabul qilishda ishtirok etayotganda;
  • xodimning yaqin qarindoshi tekshirilayotgan tashkilotda tekshiruv yo‘nalishi bo‘yicha mas’ul mansabdor shaxs bo‘lib ishlaganda;
  • tekshirilayotgan yuridik shaxs xodimga aloqador shaxs hisoblanganda;
  • boshqa har qanday mavjud manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelganda.

Yaqin qarindoshni bevosita bo‘ysunuvdagi ishga qabul qilish bo‘yicha talab davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining siyosiy guruhiga kiruvchi lavozimlarga qabul qilish holatlariga tatbiq etilmaydi.

Xodimga aloqador shaxs kim?

Xodimga aloqador shaxslar jumlasiga:

  • xodimning yaqin qarindoshlari;
  • xodim yoki uning yaqin qarindoshlari aktsiya yoki ulushga ega bo‘lgan yuridik shaxs;
  • xodim yoki uning yaqin qarindoshlari rahbar yoxud boshqaruv organi a’zosi bo‘lgan yuridik shaxs kiradi.

Yaqin qarindoshlarga:

  • ota-ona;
  • aka-uka va opa-singillar;
  • o‘g‘il va qizlar;
  • er yoki xotin;
  • er-xotinning ota-onasi, aka-ukasi, opa-singlisi va farzandlari kiradi.

Xabarnomada qanday ma’lumotlar ko‘rsatiladi?

Mavjud manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi xabarnomada:

  • xabar berayotgan xodimning familiyasi, ismi va otasining ismi;
  • lavozimi;
  • JShShIRi;
  • manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelayotgan yaqin qarindoshining familiyasi, ismi, otasining ismi va mavjud bo‘lsa JShShIRi;
  • xodimga aloqador yuridik shaxsning nomi va STIRi;
  • manfaatlar to‘qnashuvining mazmuni;
  • uni tartibga solish bo‘yicha ko‘rilgan yoki taklif etilayotgan choralar ko‘rsatilishi kerak.

Xodim manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash uchun ahamiyatli bo‘lgan qo‘shimcha ma’lumotlarni ham kiritishi mumkin.

Xabarnoma qanday tasdiqlanadi?

Xabarnoma:

  • xodimning;
  • va (yoki) uning bevosita rahbarining;
  • qonunda belgilangan ayrim hollarda rahbar o‘rinbosarining o‘z qo‘li bilan qo‘yilgan imzosi yoki elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.

Xabarnoma yozma yoki elektron shaklda taqdim etilishi mumkin.

Rahbar xabarnomani olgach nima qiladi?

Xodimning bevosita rahbari manfaatlar to‘qnashuvini o‘z vakolatlari doirasida tartibga solish choralarini ko‘radi.

Tarkibiy bo‘linma rahbari ko‘rilgan choralar haqida maxsus bo‘linmaga 1 ish kuni ichida axborot taqdim etishi shart.

Maxsus bo‘linma ko‘rilgan choralarning etarliligi va to‘g‘riligini ko‘rib chiqish uchun tegishli axborotni 3 ish kuni ichida odob-axloq komissiyasiga taqdim etadi.

Qanday choralar ko‘rilishi mumkin?

Manfaatlar to‘qnashuvining xususiyatidan kelib chiqib:

  • xodimni boshqa rahbar bo‘ysunuviga o‘tkazish;
  • xodimni muayyan masala bo‘yicha qaror qabul qilishdan chetlashtirish;
  • kollegial organdagi ishtirokidan o‘zini o‘zi rad etishi yoki majburan chetlashtirish;
  • lavozim majburiyatlari yoki xizmat vakolatlarini qayta ko‘rib chiqish;
  • ayrim axborot va hujjatlardan foydalanishni cheklash;
  • xodimning qarorlari ustidan kollegial nazorat o‘rnatish;
  • shaxsiy manfaatdorlikni bartaraf etish;
  • xodimni uning roziligi bilan boshqa teng lavozimga o‘tkazish;
  • boshqa choralar etarli bo‘lmasa, mehnat shartnomasini umumiy asoslarda bekor qilish kabi choralar ko‘rilishi mumkin.

Manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish choralari, qoida tariqasida, xodimning roziligi bilan amalga oshiriladi.

Boshqa xodimdagi manfaatlar to‘qnashuvi haqida ham xabar berish kerakmi?

Xodim boshqa xodimga doir o‘ziga ma’lum bo‘lgan mavjud manfaatlar to‘qnashuvi haqida ham xabar berishi shart.

Jismoniy va yuridik shaxslar ham davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimidagi mavjud yoki ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi haqida murojaat yoki xabar berish huquqiga ega.

Ma’lumotlar maxfiy saqlanadimi?

Manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash va tartibga solish jarayonida olingan shaxsga doir ma’lumotlar muhofaza qilinishi kerak.

Ularni qonunchilikda nazarda tutilmagan maqsadlarda oshkor etish yoki tarqatishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Mavjud manfaatlar to‘qnashuvi va uni tartibga solish bo‘yicha ko‘rilgan choralar tashkilotning maxsus reestrida hisobga olinadi.

Xabar bermaslik qanday oqibatlarga olib keladi?

Xodimning mavjud manfaatlar to‘qnashuvi haqida xabar bermasligi:

  • BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha jarima;
  • xuddi shunday huquqbuzarlik bir yil ichida takroran sodir etilsa — BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha jarima solishga sabab bo‘ladi.

Mansabdor shaxsning o‘ziga ma’lum bo‘lgan mavjud yoki ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish choralarini ko‘rmasligi:

  • BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha jarima;
  • bir yil ichida takroran sodir etilsa — BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ushbu huquqbuzarlik davlat xaridlari sohasida sodir etilsa, mansabdor shaxsga BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha jarima solinadi.

Chat